Samarqand shahridagi “Do‘stlik uyi”da ko‘p yillik samarali xizmatlari, millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun davlat va jamoat tashkilotlari, milliy-madaniy markazlar vakillaridan bir guruhini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniy markazlar, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etgan tadbirda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Bahodir Qodirov mazkur ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilgan insonlarni tabrikladi. Ularning viloyatda millatlararo do‘stlik va totuvlikni ta’minlashdagi munosib xizmatlarini e’tirof etdi.


– Ushbu mukofotga loyiq topilganimdan juda xursandman, – dedi Pastdarg‘om tumanidagi 13-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Aida Avetisyan. – Tili, millati, dinidan qat’i nazar yurtimizdagi har bir inson O‘zbekistonni o‘z vatani deb biladi. Shular qatorida men ham mamlakatimiz rivoji uchun daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayapman. Bu e’tirof meni bundan keyin yanada shijoat bilan ishlashga undaydi.


Yaqinda nishonlangan xalqlar do‘stligi kuni arafasida Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, davlat mukofotlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimiz orasida ikki nafar samarqandlik ham “Do‘stlik” ordeni va “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lgan edi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA