Samarqandda Yangi yil bayrami munosabati bilan an’anaviy “Prezident archasi” tadbirlari o‘tkazildi.
Bu yil “Prezident archasi” bayram tadbirlarida ishtirok etish uchun 1006 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj bola ro‘yxati shakllantirildi. Ularning 748 nafari mahallalarda istiqomat qiluvchi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola, 63 nafari oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchisi, 60 nafari ota-onasi Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan oilalarning farzandi, 59 nafari SOS bolalar uyi tarbiyalanuvchisi, 36 nafari “Mehrli maktab” o‘quvchilari, 18 nafari kichik hajmli bolalar uyi va 22 nafari viloyat bolalar uyi tarbiyalanuvchisidan iborat bo‘ldi.
Viloyat musiqali drama teatrida tashkil etilgan bayram tadbirida Samarqand shahri va Samarqand tumanidan 236 nafar bolajon qatnashdi.
Viloyat hokimi A. Boboyev ularni Yangi yil bayrami bilan tabrikladi. Davlatimiz rahbarining alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli ularga har yili Yangi yil bayramida Prezident sovg‘alari berish an’anaga aylanganini ta’kidladi. Bolalarga shirinliklar va o‘quv qurollaridan iborat sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, “Mehrli maktab”, SOS bolalar mahallasi va viloyat bolalar uyiga zamonaviy televizorlar, sport jihozlari taqdim etildi.
[gallery-26936]
Qorbobo va Qorqiz, turli ertak qahramonlari ishtirokida teatrlashtirilgan bayram tomoshalari namoyish qilindi.
Bolajonlar uchun bayram dasturxoni ham yozildi.
“Prezident archasi” tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida keng tantana qilindi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari