Bugun Samarqand xalqaro aeroportidan bu yilgi muqaddas Haj ibodatini amalga oshirish baxti nasib etgan yurtdoshlarimiz Saudiya Arabistoniga kuzatildi.
Bu yil Samarqand viloyatidan 930 nafar mo‘min musulmonlarni muborak Haj ziyoratiga yuborish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular 26-28 may kunlari Samarqand – Jidda yo‘nalishida parvoz qiladi.
– Ko‘p yillardan beri ushbu muborak ziyoratni amalga oshirishni orzu qilardim, - deydi bulung‘urlik Dilorom Safarova. – Bir necha yil ilgari, koronavirus pandemiyasi davrida yoshga doir cheklov qo‘yilganda hoji bo‘lish armonga aylanishi mumkinligini o‘ylab, rosa siqilgandim. Ammo keyinchalik cheklovlar bekor qilinib, mana bu yilgi mavsumda muborak ziyoratni amalga oshirish nasib etganidan xursandman. Ibodatlar chog‘ida bugungi saodatli kunlar uchun shukronalar aytib, Allohdan yurtimizga fayzu baraka, xalqimizga farovonlik, farzandlarimiz baxti, kamolini so‘rashni niyat qilganman.
“Haj – 2025” mavsumida samarqandlik ziyoratchilar uchun barcha qulaylikka ega bo‘lgan 4 ta maxsus aviareys yo‘lga qo‘yildi.
G‘.Hasanov O‘zA muxbiri