Davlatimiz rahbarining kuni kecha e’lon qilingan farmoniga ko‘ra, Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Mukofotlanganlar orasida Samarqand viloyatidan besh nafar soha fidoyisi borligi samarqandlik tibbiyot xodimlariga faxr va g‘urur bag‘ishladi.
Jumladan, Respublika tez tibbiy yordam markazining Payariq tumani bo‘limi “Chelak” punkti haydovchisi Isoqul G‘afforov va Nurobod tumani tibbiyot birlashmasining bolalar bo‘limi mudiri Zebo Suyarova II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan, Ishtixon tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri Sunnatilla Safarov II darajali “Salomatlik” ordeni bilan, Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi Feruza Yaxshilikova “Sog‘lom turmush” medali bilan, Qo‘shrabot tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi patronaj doyasi Sevara Temirova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
[gallery-26162]
Bugun viloyat hokimligida ushbu mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev soha fidoyilarini kasb bayrami va yuksak davlat mukofotlari bilan tabrikladi.
– Sizlarning mashaqqatli mehnatingiz, xalqimiz salomatligini saqlash yo‘lida qilayotgan sa’y-harakatlaringiz davlatimiz e’tiborida. Prezidentimiz tomonidan bu fidokorona xizmatlaringiz e’tirof etilishi buning yorqin dalilidir, – dedi viloyat rahbari.
Tadbirda tibbiyot xodimlariga hurmat va ehtirom ko‘rsatilib, davlat mukofotlari tantanali topshirildi.
– Prezidentimizning aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlari tufayli joriy yilda Ishtixon tumanida birlamchi tibbiyot muassasalari faoliyati takomilashtirildi, – deydi Ishtixon tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri, II darajali “Salomatlik” ordeni sohibi Sunnatilla Safarov. – Oilaviy shifokorlik punktlari qayta tashkil etilib, markazlashtirildi va aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatishda raqamli tizim yo‘lga qo‘yildi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti va viloyatdagi tibbiy markazlar ko‘magida aholi xatlovdan o‘tkazilib, salomatligi bo‘yicha zarur ma’lumotlar shakllantirildi. Bugun tumanimizdagi har bir mahalla, har bir poliklinika bo‘yicha aholining salomatlik holati yuzasidan aniq xulosalarimiz bor, kim, qanday tibbiy yordamga muhtojligini yaxshi bilamiz va shu asosida ularga xizmat ko‘rsatyapmiz. Ana u ishlarga qo‘shgan ozgina hissam e’tirof etilib, yuksak davlat mukofotiga loyiq ko‘rilganimdan xursandman.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari