Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandlik 67 nafar shaxs afv etildi
12:30 / 2023-04-24

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning muborak Ramazon hayiti arafasida qabul qilingan farmoniga ko‘ra, jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 541 nafar shaxs afv etildi.

Bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish xalqimizga xos fazilat. Bu davlatimiz siyosatida ham aks etib, jinoiy qilmishi uchun jazo o‘tayotgan shaxslar har yili Prezidentimiz tomonidan afv etilmoqda. Bu galgi farmon ham Ramazon hayiti kunlarida 540 dan ortiq xonadonga quvonch, shodlik olib keldi. Nojo‘ya xatti-harakati uchun jazolangan va bu qilmishidan xulosa chiqarib, pushaymon bo‘lgan shaxslar davlat rahbarining bag‘rikengligidan bahramand bo‘lib, bayramni oilasi bag‘rida nishonladi.  

Jumladan, Samarqand viloyatida ham jazoni ijro etish muassasalari va ichki ishlar idoralari probatsiya organlarida jazo muddatini o‘tayotgan 67 nafar shaxs farmon asosida avf etildi. Viloyat IIB probatsiya bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, afv etilganlarning 52 nafari ichki ishlar organlari probatsiya hisobidan to‘liq, 15 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. Ularning 51 nafarini erkaklar, 16 nafarini ayollar tashkil etadi. Oltmish yoshdan oshganlar – 15 nafar. Paxtachi tumani Qo‘hovuz mahallasida yashovchi A.Mavlonov davlatimizning bag‘rikenglik siyosatidan bahramand bo‘lgan shaxslardan biri. U Jinoyat kodeksining 270, 273-moddalari bilan ayblanib, ozodlikdan mahrum etilgan edi.  

– Jazoni o‘tash jarayonida qilgan xatti-harakatimning oqibatlarini anglab yetdim, bundan o‘zimga xulosa chiqardim, – deydi A.Mavlonov. – Bu ishim oilam, farzandlarim sha’niga nomunosibligini his qildim. Pushaymonligim inobatga olinib, bugun afv etilganim uchun Prezidentimizdan minnatdorman. Farzandlarim, nabiralarimga to‘g‘ri hayot kechirish, qonunlarga amal qilib yashash kerakligini uqtirib boraman.  

Endilikda mahalliy hokimliklar va mutasaddi idoralardan afv etilgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi.  

 G‘.HASANOV, O‘zA