Bu haqda Samarqand viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan brifingda viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi X.Muhammadiyev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, viloyat bo‘yicha saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga 2 million 156 ming 264 nafar saylovchi kiritilgan bo‘lib, ularning 49 ming nafari ilk bor ovoz berishda ishtirok etadi. Shu yilning 16-23 oktyabr kunlari o‘tkazilgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida viloyat bo‘yicha 181 ming 925 nafar saylovchi bu imkoniyatdan foydalandi.
– Viloyatimizda 16 tuman va shahar saylov komissiyasi, Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60 ta okrug saylov komissiyasi hamda 1130 ta saylov uchastkasi tuzilgan – dedi X.Muhammadiyev. – Barcha darajadagi komissiyalar o‘z faoliyatini Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlari, Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari asosida olib bormoqda. Ayni paytda viloyatimizdagi saylov uchastkalarining hammasi ovoz berishni o‘tkazishga tayyor. Uchastka saylov komissiyalariga 12 ming 144 nafar fuqaro jalb etilgan. Ularning 54 foizini 21 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etadi.
Saylovga tayyorgarlik jarayonida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning alohida ehtiyojlariga jiddiy e’tibor qaratildi. Jumladan, saylov uchastkalariga brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaretlar, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar mavjud bo‘lgan saylov uchastkalarida optik lupalar yetkazildi. Uchastka binolari nogironlar aravachasiga moslashtirilgan nishab yo‘laklari (panduslar) yoki “yordamga chaqirish” tugmasi bilan jihozlandi.
Ertaga saylov jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida viloyatimizning tuman va shaharlari hududidagi tegishli texnik talablarga muvofiq bo‘lgan saylov uchastkalarida videokameralar o‘rnatildi.
Saylov jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Saylov jarayonlarini yoritish maqsadida viloyatdagi ommaviy axborot vositalarining 86 nafar xodimi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Hududiy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalardan 5 ming 650 nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 1130 nafar kuzatuvchi ro‘yxatga olindi.
X.Muhammadiyevning qayd etishicha, saylov kampaniyasi boshlanganidan buyon hududiy saylov komissiyasiga 4 ta murojaat kelib tushgan va bu murojaatlar bo‘yicha tegishli tartibda javob berilgan.
Hududiy saylov komissiyasi raisi samarqandlik saylovchilarni 27 oktyabr kuni saylovda faol ishtirok etishga chaqirdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari