Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandlik 15 sportchi Parijga boradi
16:14 / 2024-07-09

Shu yilning iyul-avgust oylarida Fransiyaning Parij shahrida XXXIII yozgi Olimpiya hamda XVII Paralimpiya o‘yinlari o‘tkaziladi.

Mazkur musobaqalarda yurtimizdan katta sport delegatsiyasi ishtirok etadi. Olimpiya sport turlari bo‘yicha mamlakat terma jamoasi tarkibida samarqandlik sportchilar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

– Viloyatimiz sportchilari to‘rt yillikning nufuzli musobaqasida badiiy gimnastika, yunon-rum kurashi, boks, akademik eshkak eshish, kamondan otish, dzyudo va yengil atletika sport turlari bo‘yicha ishtirok etadi, – deydi Samarqand viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev. – Hozircha yo‘llanmalar soni 15 taga yetdi va yana ikkitagacha yo‘llanma qo‘lga kiritishimiz mumkin. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida Parij olimpiya va paralimpiya o‘yinlariga to‘rt yil oldin tayyorgarlik boshlangandi. Har bir sport turi bo‘yicha iste’dodli sportchilar saralanib, ular bilan malakali murabbiylar ishladi. Mashg‘ulotlarning o‘z vaqtida va sifatli olib borilishi, sportchilarning dam olishi va xalqaro musobaqalarda, litsenzion turnirlarda qatnashishi uchun barcha shart-sharoit yaratib berildi. Buning natijasida sportchilarimiz birin-ketin Parij olimpiadasi yo‘llanmasi qo‘lga kiritib, murosasiz o‘yinlarga puxta hozirlik ko‘rdilar. Jumladan, badiiy gimnastika bo‘yicha Taxmina Ikromova va Amaliya Mamedova yurtimiz terma jamoasi tarkibida olimpiada o‘yinlarida qatnashadi.

Taxmina Ikromova yurtimiz sportchilari orasida XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlariga ilk yo‘llanmani qo‘lgan kiritgan badiiy gimnasitikachidir. 2004 yilda tug‘ilgan Taxmina 12 yoshidan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. 2021 yilda Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida bitta oltin va uchta kumush medalga sazovor bo‘lgan. U Xanchjou-2022 yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining qahramonlaridan biriga aylandi. Taxmina Ikromova yakkalik va jamoaviy dasturlarda ikkita oltin medal olgandi.  

Amaliya Mamedova eng yosh sportchilarimizdan biri. U 2008 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Yosh bo‘lishiga qaramay, shu paytgacha Osiyo chempionatlarida to‘rttadan oltin va kumush, jahon kubogida bitta kumush medalni qo‘lga kiritgan. 2023 yilda terma jamoaga jalb qilingan. Joriy yilning may oyida Toshkentda o‘tgan litsenzion Osiyo chempionatida Yaponiya va Qozog‘istondan kelgan kuchli raqobatchilarini ortda qoldirib, oltin medal bilan Parij-2024 yozgi olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

Dzyudochi Sardor Nurillayev uchun Parij olimpiya o‘yinlari ikkinchi olimpiada hisoblanadi. U bundan avval Tokio olimpiadasida qatnashib, tajriba orttirgan.  

Sardor 1994 yilda Samarqandda tavallud topgan. 2015 yildan buyon O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. Hamyurtimiz Gran-pri turnirlarida bitta oltin, ikkitadan kumush va bronza, Osiyo chempionatlarida bittadan oltin va bronza, “Katta dubulg‘a” tasnifidagi musobaqalarda bitta oltin, ikkita kumush va uchta bronza medallariga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, uning kolleksiyasida 2021 yilgi jahon chempionatida aralash jamoaviy dasturda qo‘lga kiritilgan bronza, Xanchjou-2022 yozgi Osiyo o‘yinlarining kumush medali ham mavjud.  

Butunjahon yengil atletika federatsiyasi ham kecha Parij-2024 litsenzion sikli yakunlanganini va reyting orqali to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasiga yo‘l olgan sportchilar nomini ma’lum qildi. Ular orasida uch hatlab sakrash bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni Sharifa Davronova ham bor.  

Sharifa Davronova 2006 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Yengil atletikaning uch hatlab sakrash yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, Konya-2021 Islom birdamligi o‘yinlari g‘olibi. U 2024 yilda Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi tomonidan “Yilning eng yaxshi yosh yengil atletikachisi” deb e’tirof etilgan.

Bulardan tashqari, samarqandlik sportchilardan Islom Bahromov yunon-rum kurashi bo‘yicha, Nigina O‘ktamova va Sitora Turdibekova boks bo‘yicha, Sobirjon Safaraliyev va Shahzod Nurmatov akademik eshkak eshish bo‘yicha, Amirxon Sodiqov kamondan otish bo‘yicha, Davlat Bobonov va Diyora Keldiyorova dzyudo bo‘yicha Parij olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan.

Shuningdek, XVII Paralimpiya o‘yinlarida Samarqanddan uch nafar sportchi Husniddin Norbekov parayengil atletikaning yadro va disk uloqtirish, Kubaro Hakimova yadro uloqtirish va Siroj Egamnazarov uzunlikka sakrash bahslarida ishtirok etadi.

Ayni paytda sportchilar so‘nggi tayyorgarlik mashg‘ulotlarida qatnashmoqda. Vakillarimizga Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida omad tilaymiz.  

G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri