“Samarqandim” jurnalining 3-sonida jamlangan maqolalar o‘quvchida Samarqandni faqat tarixiy shahar sifatida emas, balki umuminsoniy qadriyatlar, ma’naviy meros va ilmiy-ma’rifiy tafakkur markazi sifatidagi mulohazalarni o‘yg‘otadi.
Jurnalda YUNESKOning boqiy an’ana va qadriyatlariga tayangan holda Samarqand ruhining umumiy taraqqiyotga xizmat qilishi haqidagi maqola alohida ahamiyat kasb etadi. Unda Samarqandning madaniy merosi bugungi global hamjihatlik, millatlar va sivilizatsiyalar muloqoti uchun ilhom manbai ekani chuqur tahlil qilingan. Bu ruh o‘quvchini faxr va mas’uliyat tuyg‘ulari bilan uyg‘otadi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofotining aynan Samarqandda topshirilishiga bag‘ishlangan maqola shaharning ilmiy va ma’rifiy nufuzini yana bir bor tasdiqlaydi. Ushbu voqea Samarqand zaminida ilm-fanga bo‘lgan ehtirom azaldan mustahkam ekanini ko‘rsatadi.
Prezidentimizning jahon shaxmat maydonida tarixiy g‘alabaga erishgan Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qilib, uni tabriklashi haqidagi maqola esa yosh avlodga bo‘lgan ishonch va e’tiborning yorqin namunasi sifatida o‘qiladi.
“Samarqand saboqlari” ruknida berilgan maqolalar tarixdan xulosa chiqarish, o‘tmish tajribasini bugungi kun bilan bog‘lash g‘oyasini ilgari suradi. Shuningdek, “Imom Buxoriy ham marsiya aytganini bilasizmi?” sarlavhali maqola islom ma’naviyati va adabiy an’analarning kamroq yoritilgan jihatlarini ochib berish orqali o‘quvchining bilimini yanada boyitadi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy va Dukchi eshon qo‘zg‘oloniga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar milliy ozodlik, ma’rifat va jamiyat uyg‘onishi yo‘lidagi murakkab tarixiy jarayonlarni xolisona yoritadi. Bu materiallar o‘quvchini tarixga biryoqlama emas, balki chuqur mulohaza bilan qarashga undaydi.
Jurnalning ushbu sonida Sirojiddin Sayyid hamda Nodir Jonuzoq she’rlarining o‘rin olishi esa nashrning adabiy-estetik qiymatini oshirib, so‘z san’ati orqali Samarqand ruhini his etish imkonini beradi.
Nigora Rahmonova, O‘zA