Bu raqamlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ancha ko‘p. Lekin bugungi kunda Samarqandda turizmni rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar va mavjud salohiyatdan samarali foydalanib, sayyohlar oqimini bir necha barobar oshirish mumkin.
Samarqand viloyat turizmni rivojlantirish jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishida bu fikr alohida qayd etildi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev soha mas’ullari va mazkur tarmoqda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi loyihalar, tizimdagi muammo va kamchiliklarni muhokama qildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida viloyatga 424,5 ming nafar xorijiy, 849,1 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrifi kuzatildi. O‘tgan yilning shu davri bilan qiyoslaganda xorijlik sayyohlar soni 125 foizga, mahalliy sayyohlar soni esa 185 foizga oshdi. Samarqand xalqaro aeroportida hozir bir kunda o‘rtacha 20 ta aviareys amalga oshirilmoqda. Yil oxiriga qadar yana 10 ta yangi xalqaro avia yo‘nalishni ochish rejalashtirilgan. Xususan, ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida Indoneziya va Malayziya aviokompaniyalari bilan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Biroq yig‘ilishda viloyatga tashrif buyurayotgan sayyohlarning aksariyati barchaga ma’lum bo‘lgan 8 ta ob’ekt – Registon, Amir Temur maqbarasi, Bibixonim, Shohi Zinda, Hazrati Xizr, Xo‘ja Doniyor, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va Afrosiyob muzeyiga borish bilan cheklanayotgani tanqid qilindi.
– Samarqand shahar markazidagi sakkizta diqqatga sazovor maskandan iborat emas, – dedi viloyat rahbari A.Boboyev. – Bugungi kunda viloyatimizdagi 20 dan ortiq turistik ob’ektda sayyohlar uchun zamon talablariga mos sharoit yaratilgan bo‘lsa-da, ushbu maskanlarga sayyohlar tashrifi juda kam. Xususan, Konigil turizm mahallasi, “Boqiy shahar” majmuasi, Tersak turizm qishlog‘i, Bog‘ibaland turizm mahallasi, Pangat qishlog‘i, Chorchinor ziyyoratgohi, Hazrati Dovud g‘ori, Sheroz qal’a, Nurobod tog‘laridagi termal turistik zona, Zarafshon milliy tabiat bog‘i, Omonqo‘ton milliy tabiat bog‘i kabi manzillarda, hatto, turistik mavsumda ham sayyohlar oqimi past. Shu bois viloyatdagi turizm ob’ektlari targ‘ibotini faol olib borish va sayyohlarni ko‘proq jalb qilish bo‘yicha aniq rejalarni amalga oshirish kerak.

Yig‘ilishda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro andozalar darajasiga yetkazish, sohada noqonuniy faoliyatning oldini olish, turistik firmalar xodimlarning professional malakasini oshirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida imtiyozli turpaket va chegirmalarni ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari