Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandga sayqal bo‘lgan saroy
09:25 / 2025-09-11

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Dublin univetsiteti “Samarqandga ko‘chdi”...

Bugun sizga ikkita bino haqida hikoya qilmoqchimiz. Ikkalasi ham oliy o‘quv yurtining binolari. Ikkalasining ham loyihasi bir xil.

Dublin universiteti

Dublin universiteti Irlandiyadagi eng qadimgi oliy o‘quv yurti. Universitet «Qadimiy universitetlar» deb nomlanuvchi norasmiy ro‘yxatga kiritilgan. Bu ro‘yxatga Dublin universitetidan tashqari Angliyadagi Oksford va Kembrij universitetlari va Shotlandiyadagi to‘rt universitet kiradi. Bu universitetlar bekorga «Qadimiy universitetlar» ro‘yxatiga kiritilmagan: ularning barchasi O‘rta asrlarda, aynan Renessans davrida qurilgan.

XVI asr oxirida Dublin shahrining bir guruh tashabbuskor ziyolilari Oksford va Kembrij universititelarini borib ko‘rib, bu universitetlar faoliyatini o‘rgangach, Irlandiyada ham shular kabi oliy o‘quv yurti bo‘lishini orzu qilishadi va Angliya qirolichasi Yelezaveta I ga murojaat qilishadi. 

Qirolicha Yelezaveta I esa, ziyolilar kutgandan ham tez universitet qurilishi uchun mablag‘ ajratadi.

Xullas, ziyoli insonlar tashabbusi va qirolichaning homiyligida bugun dunyodagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri – Dublin universitetiga asos solinadi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti

Samarqand davlat tibbiyot instituti ham O‘zbekiston tarixidagi eng dastlabki institutlardan biri. U 1930 yilda ochilgan. Bugungi kunga kelib yetti mingga yaqin talaba dars olayotgan tibbiyot institutining binosi zamon talablariga javob bermay qolgan, talabalar institutga sig‘mas, u binodan bu binoga sarson bo‘lib yurishardi. 

Xalqaro mikyosda e’tirof etilgan, bolalar xirurgiyasi soxasida ilmiy maktab yaratgan mashxur olim 2004 – 2020 yillarda Samarqand davlat tibbiyot institutida rektorlik qilgan tibbiyot fanlari doktori, professor Azamat Shamsiyev ham Renessans davridagi irlandiyalik ziyolilar tashabbusini takrorladi. U Samarqandda tibbiyot instituti nomiga yarasha bino qurishni niyat qildi.

Bungacha 1989 yilda Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan 200 o‘rinli ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli «Bolalar xirurgiyasi ilmiy-amaliy markazi» tashkil etib, yetarli tajriba to‘plagan Azamat Shamsiyev kazo-kazolarning qarshiligiga qaramay, 2011 yilning mart oyida Samarqand shahar hokimligining tibbiyot institutining yangi ukuv binosi uchun 0,5 gektar yer maydoni ajratilishi haqidagi qarorini olishga muvaffaq bo‘ldi. 

Ana shu yerda Samarqand meditsina institutini Dublin universiteti bilan bog‘laydigan birinchi ish sodir bo‘ldi: dunyo ko‘rgan olim, Yevropa tibbiyoti, tibbiy o‘quv yurtlari yutuqlarini amalda o‘rgangan professor Azamat Shamsiyev aynan Dublin universiteti binosining loyihasini olib keldi. 

Loyihaning o‘ziga ham, umuman, tibbiyot instituti uchun bino qurishga ham qarshi bo‘lganlar topildi. Ammo Azamat Shamsiyevni hech narsa to‘xtata olmayotganini ko‘rgan «korchalonlar» oxirgi chorani qo‘llashdi: institut binosini qurish uchun mablag‘ ajratishga to‘sqinlik qilishdi. Rektorning olti yillik umri institut binosini qurish uchun zarur bo‘ladigan mablag‘ni topish umidida turli idoralar eshigida o‘tdi.

  Ana shu yerda Irlandiyaning Dublin universiteti bilan Samarqand tibbiyot instituti binolarini bog‘laydigan ikkinchi ish sodir bo‘ldi: Azamat Shamsiyev 2017 yilda Samarqand viloyatiga tashrif buyurgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi. 

Hurmatli Prezidentimiz esa, Shamsiyev kutganidan ham tez javob berdi: shu yerning o‘zida mutasaddi xodimlarga topshiriq berib, institutning yangi binosi qurilishi uchun mablag‘ ajratishni juda qisqa muddatda hal qilishni vazifa qilib topshirdi. 

2018 yil 3 fevraldagi Prezident qaroriga ko‘ra, Samarqand davlat tibbiyot institutining 800 urinli yangi uquv binosi qurilishi uchun 54,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi bilanoq Azamat Shamsiyev zudlik bilan qurilish ishlarini boshlab yubordi va 2020 yilning boshlarida ushbu bino tayyor xolatga keltirildi.

«Baxodir-A» MCHJ rahbari Aslam Mamatqulov boshchiligidagi quruvchilar bu muhtasham binoni ikki yilda qurib bitkazdilar. Bino loyixasini tuzuvchi «Memorqurilishloyiha» MCHJ raxbari Rinat Vohidov.

Binoning devorlari tarix sinovlaridan o‘tgan G‘ozg‘on granit toshlari bilan bezatildi. Shamsiyevning qo‘lidan shifo topgan G‘ozg‘on marmar koni rahbari bu qimmatbaho granit toshlarni o‘ziga va o‘g‘liga qayta hayot baxsh etgan professorning hurmatiga juda arzon narxlarda yetkazib berdi.

Bino foydalanishga topshirildi. Yetti mingga yaqin talaba institutning yangi binosida keng va yorug‘ o‘quv xonalarida saboq ola boshladilar.

Dublin universitetini Samarqandga «olib kelgan», tinib-tinchimas Azamat Shamsiyevdan kelajak avlodlarga dunyoda tengi kam bo‘lgan muhtasham ilm qasri armug‘on bo‘lib qoladigan bo‘ldi.

Dublin universiteti bilan Samarqand tibbiyot institutini bog‘lovchi uchinchi bog‘liqlik shuki, Dublin universiteti 1592 yilda, Renessans davrida qurilgan bo‘lsa, Samarqand tibbiyot institututi uquv binosi Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevoriga tamal toshlari qo‘yilayotgan yangi davrda qurildi!

Dublin universiteti Angliya qirolichasi Yelezaveta I rahnamoligida qurilgan bo‘lsa, Samarqand davlat tibbiyot institutining yangi binosi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qad rostladi.

Dublin universiteti binosiga va Samarqand davlat tibbiyot instituti binosiga bir nazar tashlang! Ular xuddi egizakdek bir-biriga o‘xshash!

Mana shunday ulug‘ maqsadlar yo‘lida umrini baxshida etgan professor Azamat Shamsiyev yaqinda, 25 sentyabr kuni, 80 yoshni qarshilaydi.

Karimberdi To‘ramurod, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi