Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandga sayohat
12:38 / 2025-12-24

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ichki turizmni tizimli rivojlantirish, aholining turli qatlamlari uchun madaniy-ma’rifiy sayohatlarni keng ommalashtirishga qaratilgan qaror va dasturlar ijrosi doirasida mamlakatimiz hududlarida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri Sardoba tumanida ham hayotga tatbiq etildi.

Xususan, Sirdaryo viloyatining Sardoba tumani hokimligi tashabbusi bilan Yangi yil bayrami arafasida turli sohalarda fidokorona mehnat qilayotgan 50 nafar faol va mehnatkash ayollar uchun Samarqand shahriga ma’naviy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi. Ushbu safar Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturining amaliy ifodasi bo‘lib, ayollarga mazmunli dam olish, boy tarixiy merosimiz bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.

Sayohat ishtirokchilari ko‘hna va navqiron Samarqand shahriga yetib kelgach, safar dasturiga muvofiq tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar hamda zamonaviy turistik maskanlar bilan tanishishni boshladilar. Ilk manzil sifatida Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasiga tashrif buyurildi. Bu yerda sardobalik ayollar buyuk alloma va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bekning hayot yo‘li, ilmiy faoliyati, jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida batafsil ma’lumot oldilar.  

Shundan so‘ng, sayohat ishtirokchilari Samarqand shahrining muqaddas qadamjolaridan biri — Shohi Zinda tarixiy-me’moriy majmuasiga tashrif buyurishdi. Asrlar osha o‘zining betakror me’morchiligi, nozik naqshlari va yuksak ma’naviy ahamiyatini saqlab kelayotgan ushbu maskan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Safar davomida, shuningdek, jahon sivilizatsiyasining noyob durdonalaridan sanalgan Registon maydoni, muazzam Bibixonim masjidi hamda zamonaviy infratuzilmani o‘zida mujassam etgan “Samarqand Siti” majmuasiga ham tashrif buyurildi. Tarixiy meros va bugungi taraqqiyot uyg‘unligi ishtirokchilarda yurtimizda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan yanada katta ishonch uyg‘otdi.

Sayohat ishtirokchilari bu safardan katta mamnunlik bilan qaytishdi. Xususan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) Sardoba tuman kengashi apparat rahbari Dilshoda Mo‘minova  o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, shunday dedi:  

—  Samarqandga uyushtirilgan ushbu sayohat biz ayollar uchun chin ma’noda katta rag‘bat va bayramona tuhfa bo‘ldi. Qadimiy obidalarni ko‘rib, buyuk ajdodlarimiz merosi bilan yaqindan tanishdik. Bu safar ma’naviyatimiz, yurtga bo‘lgan mehr va iftixor tuyg‘ularimizni yanada kuchaytirdi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun barcha tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri