Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali o‘qituvchilari va talaba-yoshlari Navro‘z umumxalq bayrami –dam olish kunini yanada ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, yurtimizning ichki turistik imkoniyatlaridan foydalanish, ko‘hna obidalar va diqqatga sazovor joylarni ko‘rib, uning tarixi bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqand shahriga sayohat uyushtirishdi.
Sayohat davomida buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Mirzo Ulug‘bek observatoriyasi va muzey majmuasi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabri va yodgorlik majmuasi, Shohi Zinda majmuasi kabi Samarqandning go‘zal va betakror manzilgohlarida bo‘lib, ular to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.



– To‘g‘risini aytganda, Samarqandga uyushtirilgan sayohat mazmun jihatidan nihoyatda boy bo‘ldi, – deydi Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali iqtidorli talabalar bilan ishlash sektori boshlig‘i Hilola Kuchkarova. –Institut o‘qituvchilari, talaba-yoshlar sayohat davomida Samarqandning go‘zal manzaralarini, tarixiy obidalarini tomosha qilib, ular to‘g‘risida ko‘p ma’lumotlar olishdi. Shu bilan birga, hunarmandchilik sohasini yuksak san’at darajasiga ko‘targan, usta hunarmand va hunarmandlar sulolalari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ulardan hunarmandchilik kasbining sir-sinoatlari to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot olishib, go‘zal, betakror hunarmandchilik asarlarining yaratilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.


G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri