English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandga radiatsiyani aniqlovchi uskunalar keltirildi
08:55 / 2022-10-12

Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turistik majmuasi Kongress markazida “S5+1” formatida Markaziy Osiyo davlatlari uchun yadroviy kontrabandaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan mintaqaviy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Anjumanda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va AQSHdan radiatsiya xavfsizligiga aloqador tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. “S5+1” – Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH o‘rtasidagi muntazam ko‘p tomonlama muloqot formati hisoblanadi.

Mazkur formatga 2015 yil noyabr oyida Samarqandda mintaqa davlatlari va AQSH tashqi siyosat idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi bilan asos solingan. “S5+1”ning maqsadi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun doimiy diplomatik muloqotni davom ettirish, shuningdek, mintaqaviy savdoni yaxshilash, transport va energetika aloqalarini mustahkamlash, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, ekologik muammolarga qarshi kurashish, ekstremizmga qarshi kurashish va gumanitar aloqalarni kengaytirishdan iborat. Ayni paytda ushbu maqsadlarga qaratilgan 15 million AQSH dollar miqdoridagi 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyihalar seminarlar, konferensiyalar va treninglar shaklida o‘tkazib kelinmoqda. Konferensiyada mintaqaviy savdoni yaxshilash, transport va energetika aloqalarini mustahkamlash, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, ekologik muammolar va ekstremizmga qarshi kurashish hamda gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama etilmoqda. 

Xalqaro anjuman doirasida Samarqand xalqaro aeroporti chegara bojxona posti uchun taqdim qilingan radiatsiyani aniqlovchi uskunalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

– AQSH energetika vazirligi va O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi 2006 yildan buyon hamkorlik qilib keladi, – deydi AQSH energetika vaziri o‘rinbosari yordamchisi Kristine Bent. – Ikkala tashkilot o‘rtasida 2017 yilda memorandum ham imzolangan. Shu bois birinchi marta O‘zbekistonda Samarqand xalqaro aeroportini AQSH hududidan tashqarida hech qaysi mamlakatda o‘rnatilmagan, sun’iy intellektda ishlaydigan radiatsiyaviy moddalarni  aniqlovchi uskunalar bilan ta’minladik. Ushbu qurilma yordamida inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydigan radiatsiyaviy moddalarni masofadan monitoring qilsa bo‘ladi. Kelgusida bu kabi uskunalar O‘zbekistonning boshqa postlari va aeroportlarida ham o‘rnatilib, xavfsizlikni ta’minlashga yordam beradi.

G‘.HASANOV, 
A.ISROILOV (surat), O‘zA