Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandga Koreyadan shifokorlar keldi
17:18 / 2025-08-18

Samarqandda Janubiy Koreyaning “Seonam” tibbiy ko‘ngillilar guruhi ishtirokida keng ko‘lamli tibbiy aksiya o‘tkazildi.

Viloyat hokimi A.Boboyev boshchiligidagi samarqandlik rahbar va tadbirkorlarning yaqinda Koreya Respublikasiga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida uyushtirilgan aksiya doirasida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida koreyalik mutaxassislar tomonidan bemorlar ko‘rikdan o‘tkazildi, maslahatlar berildi va operatsiyalar amalga oshirildi.

Jumladan, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida dastlab otolaringologiya bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi. So‘ngra 62 nafar bemor ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga zarur maslahat va tavsiyalar berildi. Shuningdek, fizioterapiya va jarrohlik bo‘limlarida ham bemorlar qabuli tashkil etildi.  

Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 150 dan ortiq bemor ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga dori-darmon va sovg‘alar tarqatildi. Travmatologiya va ortopediya markazida esa koreyalik mutaxassislar ikkita jarrohlik amaliyotida qatnashdi va 20 dan ziyod bemorga tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Uch kunlik ko‘rik va amaliyotlar yakunida Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va “Seonam” ko‘ngillilar guruhi o‘rtasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri