Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandga Indoneziyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
17:24 / 2020-12-11

Bu haqda Samarqand viloyat hokimi E.Turdimovning Indoneziyadagi yirik turistik uyushmalardan biri hisoblangan “ASITA” assotsiatsiyasi prezidenti Nunung Rusmiati xonim va “Patixindo Permay Turs end travel” turikstik agentligi ijrochi direktori Andi Tan Jit Xvi bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qilindi.

E.Turdimov mehmonlarning Samarqandga tashrifi va sayyohlik sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishlaridan mamnunligini bildirib, bu borada ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

 – bugungi pandemiya davrida butun dunyo aholisi uchun temir intizom eng asosiy masala bo‘lsa-da belgilangan tartib-qoidalarga amal qilgan holda turizmni rivojlantirish zarur, – dedi Samarqand viloyati hokimi. – Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi bag‘ishlab o‘tkazilgan videselektor yig‘ilishda ham koronavirus pandemiyasi sharoitida yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqib, mamlakatimizning turizm salohiyatini tiklash hamda rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. Chet davlatlar, jumladan Indoneziya bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash, yangi reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

 Nunung Rusmiati xonim samimiy qabul uchun minatdorlik bildirib, O‘zbekiston Indoneziya turistik bozorida ulkan salohiyatga ega ekanligini ta’kidlab, indoneziyaliklar Imom Buxoriy singari buyuk allomalar yetishib chiqqan ushbu zaminni ziyorat qilishni o‘zlari uchun sharaf deb bilishlarini qayd etdi.  

 – Biz O‘zbekistonda ziyorat, ekologik, gastronomik va boshqa sayyohlik yo‘nalishlarida hamkorlik qilish niyatidamiz, – dedi “ASITA” assotsiatsiyasi prezidenti Nunung Rusmiati xonim. – Ayniqsa, ziyorat turizmi biz uchun istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi.  

Yurtdoshlarimizning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarga kelib-ketishlari uchun maxsus turistik yo‘nalishlar haqida o‘ylayapmiz. Bir qator loyihalarimiz bor. Xususan, Samarqandga Indoneziyadan haftasiga 2 ta charter reys tashkil etish rejamiz bor.

 Uchrashuv davomida hamkorlikda bajariladigan ishlar ko‘lamli kengligi va bu ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishi alohida ta’kidlandi.  

 

G‘.HASANOV, O‘zA