Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi.
Parlament quyi palatasi Spikeri N.Ismoilov majlisni kirish so‘zi bilan ochar ekan, dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 16 oktyabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi ochilish marosimidagi ishtiroki va unda ilgari surgan takliflari xususida to‘xtalib o‘tdi:
— Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi yurtimizda o‘tkazilayotgani jahon hamjamiyatida O‘zbekistonning obro‘si oshayotganidan, ochiq davlatlar qatoridan o‘rin olayotganidan dalolat beradi. Ma’lumki, mamlakatimizda turizm sohasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, tashkiliy-huquqiy choralar ko‘rildi, sohaga moliyaviy manbalar kuchaytirildi.
Davlatimiz rahbari xalqaro anjumandagi nutqida mamlakatimizda turizm sohasini yanada rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, 7 yo‘nalishda bir qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, BMT doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish taklif etildi. Iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib borayotgan davrda “yashil” turizmni rivojlantirish, bu borada UNWTO doirasida “Yashil” turizmni joriy etish bo‘yicha eng yaxshi shahar” nominatsiyasini ta’sis etish, shuningdek, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti hamda Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro universiteti hamkorligida Global “yashil” turizm startaplari laboratoriyasini yaratish taklif qilindi.
Davlatimiz rahbari imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yanada kuchaytirish va inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 2025 yilni “Butunjahon inklyuziv turizm yili” deb e’lon qilish va maxsus deklaratsiya qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz yoshlar uchun sayyohlikni rivojlantirish loyihalari hamda yangi g‘oyalarni yaratishda muhim va foydali maydonga aylanadigan Jahon yoshlar turizmi sammitining navbatdagisini Toshkent shahrida o‘tkazishni taklif etdi. “Ipak yo‘li” brendini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun UNWTO maxsus xalqaro mukofotini ta’sis etish tashabbusi bildirildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Samarqandda o‘tayotgan xalqaro anjuman doirasida sohaga oid bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Xususan, Samarqandga “Butunjahon madaniy turizm poytaxti” maqomini berish to‘g‘risida deklaratsiya hamda Xalqaro turizm akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida bitim qabul qilindi. Bu hujjatlar mamlakatimizda turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi, — dedi Spiker.
M.Komilova,
O‘zA