Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqanddagi tibbiyot markaziga xalqaro standartlarga muvofiqlik sertifikati berildi
16:04 / 2025-09-09

Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat hududiy filiali sog‘liqni saqlash sohasida sifat bo‘yicha akkreditatsiya markazi –ACQH(Accreditation center for quality in healthcare)ning xalqaro standartlarga muvofiqlik sertifikatini qo‘lga kiritdi.

Sog‘liqni saqlash sohasida sifat bo‘yicha akkreditatsiya markazi (ACQH) 2018 yilda Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan. Salomatlikni saqlash tizimida sifat va xavfsizlikni oshirishga yo‘naltirilgan xalqaro akkreditatsiya organi hisoblanadi. Tashkilotning maqsadi – tibbiyot muassasalari uchun sifat, xavfsizlik, ishonch va raqobatbardoshlikni ta’minlash. ACQH Mustaqil davlatlar hamdo‘stligida yagona bo‘lib, ISQua (International Society for Quality in Health Care) tomonidan to‘rt marotaba akkreditatsiyadan o‘tgan va uchta sohada tan olingan organ.

Xalqaro tashkilot vakillari Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev bilan uchrashuvda Samarqandda tibbiyot sohasini takomillashtirish, tizimda zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, tibbiyot markazlarida har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlarga yuqori baho berdi. 

Viloyat rahbariga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat hududiy filialining xalqaro standartlarga muvofiqlik sertifikati topshirildi.

G‘.HASANOV, O‘zA