Yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida soha tubdan takomillashib, xalqaro talablarga mos tarzda tibbiy xizmat sifati oshib bormoqda.
Eng muhimi, bu jarayon xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etilib, mamlakatimiz tibbiyoti nufuzi dunyo e’tiboriga tushmoqda. Ayni jarayonda tibbiyot tashkilotlarini Milliy akkreditatsiya qilish tizimining amaliyotga joriy etilishi tibbiyotning tez sur’atlarda rivojlanayotganligidan dalolat beradi. Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan “Meros International Hospital” ko‘p funksiyali tibbiyot markazi ham yurtimizda birinchilardan bo‘lib Milliy akkreditatsiya sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Markazda Milliy akkreditatsiya tizimining amaliyotga joriy etilganini tasdiqlovchi sertifikatni topshirishga bag‘ishlangan tadbirda Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi direktori Jaloliddin Asamutdinov, Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Jiyanov va soha mas’ullari ishtirok etdi.
– Mazkur tizim tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, bemorlar xavfsizligini kafolatlash, shuningdek, tibbiyot muassasalarida sifat madaniyatini shakllantirishga qaratilgan zamonaviy mexanizm hisoblanadi, – deydi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi direktori Jaloliddin Asamutdinov. – Milliy akkreditatsiya tizimi davlatimiz rahbari boshchiligida tibbiyot sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, u tibbiyot tashkilotlari faoliyatini xavfsizlik, samaradorlik va xalqaro standartlar asosida baholash imkonini beradi. Ushbu tizim orqali tibbiy xizmatlar sifatini tizimli ravishda oshirish, bemorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda klinik amaliyotlarda zamonaviy standartlarni joriy etish nazarda tutilgan. Milliy akkreditatsiya jarayonlari sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Markaz tomonidan ishlab chiqilgan tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalash bo‘yicha milliy standartlar O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2025 yil 5 avgustdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan.
Shuningdek, 2025 yil 21 oktyabrdagi buyruq bilan akkreditatsiya jarayonlarini amaliyotga joriy etish tartibi belgilandi. Ushbu standartlar tibbiyot tashkilotlari faoliyatining barcha asosiy yo‘nalishlarini qamrab oladi. Xususan, yetakchilik va boshqaruv tizimi, bino va jihozlarning xavfsizligi, infeksion nazorat, klinik amaliyot va davolash jarayonlari, dori vositalari bilan ishlash, bemorlar huquqlarini himoya qilish, kadrlar boshqaruvi va malaka oshirish yo‘nalishlarini qamrab oladi. Standartlar ISQua (International Society for Quality in Health Care) xalqaro talablari asosida, xalqaro va mahalliy ekspertlar hamkorligida ishlab chiqilgan bo‘lib, tibbiy xizmatlar sifatini global me’yorlarga moslashtirishga qaratilgan.
“Meros International Hospital” ko‘p funksiyali tibbiyot markazida qisqa fursatda xalqaro talablar asosida amalga oshirilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini berdi va Milliy akkreditatsiya sertifikatiga ega bo‘ldi. Ushbu tizimning joriy etilishi orqali tibbiyot tashkilotida xizmatlar sifati oshadi. Bemorlar xavfsizligi kafolatlanadi, sifat madaniyati shakllanib, muassasada xalqaro standartlarga mos faoliyat yuritiladi. Milliy akkreditatsiya tizimi, shuningdek, tibbiyot sohasida innovatsion texnologiyalar va xalqaro tajribalarni joriy etishga zamin yaratadi, bu esa bemorlar va mutaxassislar uchun qulay sharoitlar yaratadi.
[gallery-26832]
– Tibbiy markazimiz belgilangan talablarni to‘liq bajargan holda milliy akkreditatsiyadan o‘tdi, – deydi “Meros International Hospital” ko‘p funksiyali tibbiyot markazining strategik rivojlantirish bo‘yicha direktori O‘ktam Rustamov. – Respublikamiz tibbiy muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib ushbu sertifikatga ega bo‘ldik. Bu nimani anglatadi, degan haqli savol tug‘iladi. Bu markazimizda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning to‘liq davlat standartlariga mosligini, xavfsizlik talablari ta’minlanganligini hamda sifat ko‘rsatkichlariga javob berishini rasman tasdiqlaydi. Albatta, bu natija o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilgani yo‘q.
Bu jamoamizning tizimli mehnati hamda bemorlarimizning ishonchi mahsuli. Markazimizda shifo istab kelgan bemorlarga imkon qadar tez va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda ularning har tomonlama xavfsizligini ta’minlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Va faoliyatimiz davomida bunga qat’iy amal qilinadi. Ayni paytda markazimizda yangi yo‘nalishlar bilan birga ijtimoiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bundan keyingi faoliyatimiz ham Milliy akkreditatsiya tamoyillariga mos tarzda rivojlanib boradi.
G‘olib Hasanov,
Alisher Isroilov (surat), O‘zA