Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqanddagi soya maydonlari ikki barobar ko‘payadi
14:13 / 2022-08-05

Mamlakatimiz ichki iste’mol bozorida soyaga bo‘lgan talab oshmoqda.

Bu ushbu mahsulot doni tarkibida 50 foiz oqsil, 28 foizgacha moy mavjudligi tufayli oziq-ovqat sanoatida muhim xom ashyo hisoblanishi bilan ham bog‘liq. Bundan tashqari, soyaning sanoat, texnika, chorvachilikni rivojlantirishda ham roli katta. Undan sovun, lok-bo‘yoq, yelim mahsulotlar ishlab chiqarishda, shuningdek, to‘qimachilik sanoatida keng foydalaniladi.  

Soyadan shrot, kunjara olinadi. Yashil poyasi chorva uchun to‘yimli ozuqa. Umuman, soyadan 400 xildan ortiq xildagi mahsulot ishlab chiqarish mumkin. Samarqand tumanidagi “Talabot” fermer xo‘jaligi dala maydonida urug‘lik soya parvarishi va jamg‘arish ishlarini tashkil etish masalalari muhokama etilgan ko‘rgazmali seminarda dastlab mazkur o‘simlik haqidagi shu va boshqa ma’lumotlar qayd etildi.  

Samarqand viloyati qishloq xo‘jalik boshqarmasi, “AgroservisMTP” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Agroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi mas’ullari, tumanlar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari “Talabot” fermer xo‘jaligida soya yetishtirish jarayoni bilan tanishdi. Xo‘jalikda Turkiyadan keltirilgan soya urug‘i parvarishlanmoqda. Ushbu nav iqlim sharoitimizga mos, serhosil ekanligi qayd etildi. 

– Joriy yilda Pastdarg‘om tumanida qariyb 2 ming gektar, Kattaqo‘rg‘on tumanida 1685 gektar, Narpayda 871 gektar, umuman, viloyatimiz bo‘yicha 7 ming 822 gektar maydonda soya yetishtirilmoqda, – dedi seminarda ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari F.Abilov. – Fermerlar uchun daromadli, sanoat, chorvachilik va boshqa tarmoqlar uchun foydali bo‘lgan ushbu yo‘nalishni kengaytirish maqsadida kelgusi yilda viloyatimizda 15 ming gektardan ortiq ochiq yer maydonida soya yetishtirish rejalashtirilgan. Buning uchun hozirdanoq sifatli soya urug‘ini jamg‘arish va ekinni parvarishlashni o‘rganish lozim.  

Mutaxassislar soya yetishtirishda Turkiya tajribasidan foydalanish manfaatli bo‘lishini ta’kidlamoqda. Buni mazkur xo‘jalik faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Tadbir qatnashchilari soya yetishtirishda urug‘lik tanlash, kimyoviy vositalardan foydalanish, shuningdek, Turkiya tajribasining o‘ziga xos jihatlari yuzasidan mutaxassislardan ma’lumot va tavsiyalar oldi. 

G‘.HASANOV, O‘zA