Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqanddagi oliy o‘quv yurtlarida o‘quv yili boshlandi
16:26 / 2022-09-26

Sentyabr oyida Samarqandda yirik xalqaro tadbir – Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida yangi o‘quv yilining boshlanishi biroz ortga surilgan edi.

Bugun – 26 sentyabrdan Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalarida 2022/2023 o‘quv yili boshlandi. Jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida ham yangi o‘quv yili “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” deb nomlangan ma’rifiy tadbir bilan boshlandi.

Universitet rektori, professor X.Yunusov, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev professor-o‘qituvchilar va talabalarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi. Mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va uning natijalari haqida so‘z yuritildi.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti ham ana shu islohotlar mahsuli sifatida davlatimiz rahbarining mazkur sohaga alohida e’tibori tufayli tashkil etilgani ta’kidlandi.

– Universitet veterinariya, chorvachilik va biotexnologiyalar sohalari bilan birga qishloq xo‘jaligida buxgalteriya, iqtisodiyot, ekologiya, dorivor o‘simliklar yetishtirish texnologiyasi, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi, tutchilik va ipakchilik, qishloq xo‘jalik ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ham kadrlar tayyorlaydi, – deydi universitet o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori A.Elmurodov. – 2022/2023 o‘quv yilida 21 bakalavr yo‘nalishi va 32 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 2000 dan ortiq kvota ajratilgan edi va bu kvota doirasida talabalar o‘qishga qabul qilindi. Yangi o‘quv yilida veterinariya biotexnologiyasi ta’lim yo‘nalishi va uning negizida immunobiologik preparat biotexnologiyasi magistratura mutaxassisligi ochildi. Endilikda veterinariya meditsinasi ta’lim yo‘nalishi faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydi va o‘qish muddati 5 yil etib belgilandi.

Tadbirda yuqori ball olib, talabalikka qabul qilingan yoshlar universitet ma’muriyatining “Tashakkurnoma”si va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, Germaniyaning yirik korxonalarida amaliyot o‘tab kelgan 60 nafar talabalarga minnatdorlik bildirildi.

G‘.Hasanov, O‘zA