Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqanddagi maktablarda Singapur tajribasidan foydalanilmoqda
17:42 / 2024-11-07

Prezidentimizning shu yil 21 iyundagi “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining xalqaro tajriba asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilarini kasbiy rivojlantirish, o‘quvchilarning aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlariga muvofiq yurtimizdagi umumta’lim maktablarida Singapur tajribasidan foydalanilyapti.

Jumladan, Samarqanddagi maktablarda ham mazkur tajriba asosida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tashkil etilgan. Bunda umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari, aniq fanlar va tabiiy fanlar o‘qituvchilari Singapur xalqaro ta’lim dasturlari asosida malakasini oshirmoqda.

– Viloyatdagi 1266 ta umumta’lim maktabida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati”ni o‘tkazish bo‘yicha o‘qituvchilar ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, joriy yilning oktyabr oyidan bu tizim yo‘lga qo‘yildi,  – deydi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ozodjon Jangirov. – Jumladan, aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishida 17 nafar master-trener, 96 nafar mentor-trener, 2526 nafar yetakchi o‘qituvchi va 10 ming 223 nafar fan o‘qituvchisi jalb etildi. Shunga ko‘ra, tabiiy va aniq fanlar yo‘nalishida 90 ta maktabda mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.  

“Kasbiy rivojlanish kuni” oyning birinchi va uchinchi haftasida, “Kasbiy rivojlanish soati” esa oyning ikkinchi va to‘rtinchi haftasida tashkil etilgan. Har oyning birinchi va uchinchi haftasida viloyatdagi maktablardan kelgan bir nafardan yetakchi o‘qituvchilarga singapurlik mutaxassislar ta’lim jarayonidagi o‘z tajribasini o‘rgatadi. Malaka oshirgan yetakchi o‘qituvchilar o‘rgangan bilimlarini hamkasblariga o‘rgatadi va buni ta’lim jarayonida qo‘llaydi. Buning uchun ularga oylik maoshining 20 foizi miqdorida ustama to‘lanadi. Mazkur jarayon to‘rt bosqichda amalga oshiriladi va hozir birinchi bosqich davom etmoqda. Ya’ni oktyabr oyidan mart oyigacha aniq va tabiiy fanlar o‘qituvchilari uchun 72 soatlik trening o‘tkaziladi. Ayni paytda viloyat pedagogik mahorat markazida aniq va tabiiy fanlar o‘qituvchilari ishtirokida treninglar davom etmoqda.

– Hozir aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishida Singapur tajribasini o‘rganyapmiz, – deydi Toyloq tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi biologiya fani o‘qituvchisi Dilorom Ibodullayeva. – Jarayonda tabiiy fanlarni o‘qitishda Singapurning “MARSHALL CAVENDISH EDUCATION” o‘quv dasturiga kiritilgan besh bosqichli “5 Ye” moduli bizga manzur bo‘ldi. Mazkur modulning birinchi – zamonaviy jalb qilish bosqichida mavzuga mos muammoli video, rasm, savol yoki jadval bilan o‘quvchi e’tiborini tortish va diqqatini darsga qaratish mumkin ekan. Ikkinchi – tadqiq qilish bosqichida esa yangi mavzuni o‘zlashtirishi uchun o‘quvchiga qiziqarli topshiriqlar beriladi va mavzuni o‘rtoqlari bilan tadqiq qiladi. O‘qituvchi o‘quvchilarga ilmiy- tadqiqot metodlari va mavzuga oid ilmiy tushunchalarni amaliy topshiriq orqali o‘rganishni taklif etadi. Uchinchi – tushuntirish bosqichida o‘qituvchi o‘quvchilardan avvalgi bosqichlarda nimani o‘rgangani va kuzatganlarini tushuntirishni so‘raydi. O‘qituvchi ilmiy tushunchalar mazmunini kengroq yoritib berishi mumkin, lekin o‘quvchilar ilmiy tushunchalarni yaxshiroq o‘zlashtirishi uchun darsda nafaqat verbal, balki video, audio materiallardan foydalansa yaxshi bo‘ladi. “5 Ye” modulining to‘rtinchi – qo‘llash bosqichida o‘quvchilar tadqiq etish va tushuntirish bosqichlarida o‘rgangan bilim va ko‘nikmalarini notanish vaziyatlarda qo‘llaydi. Ushbu bosqichda fanlararo integratsiyani ta’minlash maqsadga muvofiq. Tabiiy fanlarni matematika, san’at, texnologiya va boshqa fanlar bilan bog‘liq holda o‘rganish ilmiy tushunchalarni yaxshiroq o‘zlashtirishga imkon beradi va o‘quvchilar ilmiy tushuncha va ko‘nikmalarni yaxshiroq o‘zlashtiradilar. Modulning so‘nggi, beshinchi – baholash bosqichida o‘quvchilar o‘zini o‘zi baholaydi. Xato va kamchiliklar muhokoma etilib, xulosa qilinadi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri