Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqanddagi kam ta’minlangan oilalarning farzandlari Koreyada o‘qiydi
07:08 / 2024-06-15

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosiy yo‘nalishlaridan biri 2026 yilgacha yoshlarga talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarni o‘rgatish orqali kambag‘allik darajasini 2 barobarga kamaytirishdir. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida dunyoning turli xalqaro maktablari O‘zbekistondagi o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilariga xorijda o‘qish imkoniyatini yaratmoqda.

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ham mazkur ijtimoiy loyihani amalga oshirishga kirishdi. Bu borada joriy yilning 13 may kuni Koreyaning Gimcheon o‘rta maktabi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangandi.

Ushbu kelishuvga ko‘ra, universitetda kam ta’minlangan oilalarning iqtidorli maktab o‘quvchilari uchun test sinovlari tashkil etildi. Test sinovlari Samarqand xalqaro texnologiya universitetining xorijlik professor-o‘qituvchilari nazorati ostida o‘tkazildi. 

O‘quvchilar orasidan 4-5 nafar o‘quvchi tanlab olinadi va ularga koreys tili, ingliz tili va matematika fanlaridan ko‘p qirrali  intensiv ta’lim beriladi. So‘ngra o‘quvchilar Gimcheon o‘rta maktabiga tavsiya etiladi. Ular orasidan o‘qish va o‘zlashtirish natijalariga asosan faqat uch nafari maktabga o‘qishga qabul qilinadi.

Tanlab olingan uch nafar o‘quvchiga Gimcheon o‘rta maktabi tomonidan stipendiya beriladi, ularning o‘qishi, turar joyi, Koreyaga borish chiptasi, darsliklar bilan ta’minlanishi kafolatlanadi.

Shuningdek, ularga Koreya maktabini tugatganlariga qadar uch yil davomida yashash xarajatlari uchun qo‘shimcha moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. Maktabni tamomlagan o‘quvchilarga diplom beriladi, mazkur diplomga asosan ular nafaqat Koreya va O‘zbekistondagi, balki dunyodagi taraqqiy etgan davlatlarning oliy o‘quv yurtlarida o‘qish huquqini rasman qo‘lga kiritadi.

1931 yilda tashkil etilgan Gimcheon o‘rta maktabi (Gimcheon High School) Koreyadagi mashhur o‘rta maktablardan bo‘lib, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan malakali mutaxassislarni tayyorlaydi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri