Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)hamda ushbu davlatdagi Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti, Hirosaki universiteti, Tokio qishloq xo‘jaligi universitetlari bilan ta’lim va ilmiy-tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda.
Davlatimiz rahbarining shu kunlarda Yaponiyaga rasmiy tashrifi munosabati bilan Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori, professor Shavkat Hasanov ham kunchiqar mamlakatda bo‘lib, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda hamkor tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Jumladan, Sh.Hasanov Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti professori Yoshiko Kavabata bilan uchrashuvda JICA ko‘magida amalga oshirilayotgan “Samarqand viloyatida xurmoni quritish orqali aholi daromadlarini oshirish” loyihasi doirasidagi ishlar muhokama qilindi va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi.

Yurtimizda kech kuzda pishadigan xurmo mevasi shirin va taxir ta’mli bo‘ladi. Tajribali bog‘bonlar bu meva qancha uzoq vaqt saqlansa, shuncha ko‘p shirin bo‘ladi, deyishadi. Ammo “limon xurmo” deb nomlangan taxir ta’mli bu meva uzoq vaqt saqlangani bilan “shokoladli”, ya’ni shirin xurmodek bo‘lmaydi. Institut olimlari ana shu taxir xurmoni quritish orqali undan shirin va kishiga xush yoqadigan mahsulot tayyorlashmoqda.

– 2023-2026 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 1 million AQSH dollarini tashkil etadi, – deydi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori Shavkat Hasanov. – Keyingi ikki-uch yilda institutda taxir ta’mli xurmoni quritishni sinab ko‘rib, o‘tgan yil dastlabki natijalarga ham erishdik. Loyihaga ko‘ra, xurmo mevalari po‘sti ajratilib, ipga bog‘lab chiqiladi va 3-5 soniya qaynab turgan suvda ushlab turiladi. So‘ngra quritish uchun issiqxona yoki yopiq binoga osib qo‘yiladi. Taxminan bir oyda xurmolar qurib, mayiz holiga keladi. Tayyor bo‘lgan mahsulot institutning o‘zida qadoqlanib, sotuvga chiqariladi. O‘tgan yil sinov tariqasida yangi mahsulotni Samarqanddagi supermarketlarga bergandik, aytishlaricha, xaridorlarga manzur bo‘lgan. Shuning uchun bir nechta savdo markazlari bu yil ham quritilgan xurmo olish uchun institut bilan shartnoma qilishdi. Mahsulot yaponiyalik hamkorlarimizga ham juda manzur bo‘ldi. Tayyor mahsulotning asosiy qismini ularning o‘zlari xarid qilgandi.

Bu yil esa institutda xurmoni quritish uchun maxsus inshoot qurildi va unda 60 tonnagacha mahsulotni qayta ishlash imkoniyati yaratildi. Shuningdek, xurmoni kesib quritgan holda undan chipsi tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Mevaning po‘stlog‘i esa maxsus moslamada quritilib, un holiga keltirilgan holda qandolatchilikda shakar o‘rnida foydalanish tavsiya etilmoqda.
Xurmodan tayyorlangan bu mahsulotlar tarkibi, inson uchun xavfsizligi mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, xulosalar berilgan.
Loyihaga ko‘ra, institut tomonidan xurmoni quritish texnologiyasi to‘la o‘zlashtirilgach, buni mahalliy aholiga o‘rgatish va shu orqali bog‘bonlarning daromadini oshirish ko‘zda tutilgan.
Joriy yil boshida yurtimizga tashrif buyurgan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka Samarqandda ham bo‘lib, institutda loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishgan va uni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi.
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori, professor Shavkat Hasanov Yaponiyaga safari davomida "YUIME INC." kompaniyasi ijrochi direktori Yoshikazu Eshiro bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvda mazkur kompaniya bilan JICA ko‘magida amalga oshirilayotgan GROW loyihasi doirasida institut talabalarining Yaponiyada haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash hamda bitiruvchilar uchun Yaponiyada dastlab 5 yil ishlashni tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Mazkur loyiha 2026 yil yanvardan amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, uchrashuvda Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida yapon tilini o‘rgatish markazi faoliyatini kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri