Samarqanddagi bemorda kasallik belgilari yoʻqola boshladi
Samarqandda shu paytgacha 4,5 ming fuqaro COVID-19 infeksiyasiga tekshirildi.
Samarqandda shu paytgacha 4,5 ming fuqaro COVID-19 infeksiyasiga tekshirildi.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida koronavirus infeksiyasiga tekshiruv ishlari viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi virusologiya laboratoriyasida amalga oshirilmoqda.
Markaz bosh shifokori X.Boymurodovning taʼkidlashicha, ayni paytda ushbu muassasa xodimlari hamda viloyat OITS markazi mutaxassislari jalb etilgan holda 4 ta guruhi tuzilgan. Bu guruhlar tomonidan viloyatning barcha hududlaridan keltirilgan tahlillar COVID-19 infeksiyasiga tekshirilmoqda. Shu paytgacha markaz laboratoriyasida 4,5 ming fuqaroning tahlillari tekshirilib, xulosa berildi. Bunda koronavirus infeksiyasini yuqtirgan shaxslar bilan birlamchi va ikkilamchi muloqotda boʻlgan shaxslarga eʼtibor qaratilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, bugungacha viloyatda 5 fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan va ular viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida belgilangan muolajalarni olmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, bir nafar bemorda kasallik belgilari yoʻqola boshlagan.