Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqanddagi 64 mahallada saylov o‘tkazildi
19:46 / 2022-05-16

Mamlakatimizda 16 may kunidan mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi boshlandi. Bu galgi saylovda Samarqand viloyatidagi 1126 mahalla fuqarolar yig‘inida rais saylanadi.

Oliy Majlis Senati Kengashining shu yil 16 martdagi qarori bilan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi tuzildi. Shuningdek, saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi tasdiqlangan edi.

O‘tgan ikki oy mobaynida O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida” gi qonuni va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlarga muvofiq, joylarda ushbu jarayonga qizg‘in hozirlik ko‘rildi, saylov bilan bog‘liq dastlabki chora-tadbirlar amalga oshirildi. Viloyat, tuman va shahar ko‘maklashuvchi komissiyalari, mahallalardagi ishchi guruhlar o‘z vakolatlari doirasidagi tadbirlarni amalga oshirdi.

[gallery-7113]

Raislikka nomzodlar tanlandi, vakillar yig‘ilishida ishtirok etadigan saylovchilar soni aniqlandi. 16 maydan asosiy jarayon – raislarni saylash boshlandi. Saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Samarqand viloyati komissiyasining ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki kunda 64 ta mahalla fuqarolar yig‘inida ovoz berish jarayonlari o‘tkazildi. Jumladan, Jomboy tumani Kattaqishloq mahallasida o‘tkazilgan saylovda mahalla raisligi uchun uch nafar nomzod vakillar yig‘ilishiga kelganlarni o‘z dasturi bilan tanishtirdi.

– Amaldagi tartib asosida ko‘cha va guzarlarda o‘tkazilgan yig‘ilishlarda mahallada obro‘-e’tiborga ega, qonunchilikda belgilangan talablarga mos nomzodlar tanlangan edi, – deydi Kattaqishloq mahalla fuqarolar yig‘inidagi ishchi guruh raisi Bunyod Shodiyev. – Keyin nomzodlar yuzasidan tuman hokimligining xulosasi olindi. Shu asosida bugun vakillar yig‘ilishiga taklif etilgan 558 nafar saylovchining 379 nafari ovoz berishda qatnashdi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, amaldagi rais Bashorat Shamsiyeva eng ko‘p – 230 ta ovoz bilan navbatdagi muddatga mahalla raisligiga saylandi. 215 mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud Samarqand shahrida ham bugun ovoz berish jarayonlari boshlandi. Jumladan, “Nurli kelajak” mahallasida o‘tkazilgan saylovda 3200 nafardan ortiq saylovchining 328 nafar vakillari yig‘ilishda ishtirok etdi. Ular raislikka ikki nafar nomzodning dasturi bilan tanishdi. Saylov natijalariga ko‘ra, ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning 80 foiz ovozini to‘plagan amaldagi mahalla raisi Komil Davronov raislikka qayta saylandi.

– Mahalladoshlarga nomzodimni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildiraman, – deydi Komil Davronov. – Ushbu mas’liyatli vazifani yana qayta ishonib topshirishgan ekan, ishonchni oqlab bor kuch va bilimimni mahallamiz obodligini ta’minlashga, hududni rivojlantirishga sarflayman.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA