Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqanddagi 282 fermer xo‘jaligi 100 sentnerdan yuqori g‘alla oldi
16:12 / 2024-07-09

Joriy yilda 94,2 ming gektar maydonda g‘alla parvarishlagan Samarqand viloyati fermer xo‘jaliklari uch hafta ichida 235 ming tonnadan ortiq don yig‘ishtirib olib, shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardi.

O‘rim-yig‘im ishlarini qisqa muddatlarda uyushqoqlik bilan tashkil qilish maqsadida 274 ta otryad shakllantirilib, 274 dona yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynlari va 1108 dona transport vositalaridan samarali foydalanildi.  

Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Jomboy tumanlarida yuqori hosildorlikka erishilib, gektariga o‘rtacha 90-96 sentnerdan don yig‘ishtirib olindi. Viloyat bo‘yicha 282 fermer xo‘jaligi 100 sentnerdan oshirib hosil oldi.

Jumladan, Paxtachi tumanidagi “Asilbek ilg‘or paxtakor” fermer xo‘jaligi 110 sentner, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Qushli dala barakasi” fermer xo‘jaligi 108 sentner, Ishtixon tumanidagi “Buloqboshi paxtakori” fermer xo‘jaligi 102 sentner, Narpaydagi “Paxtakor” fermer xo‘jaligi 100 sentner natijaga qayd etdi.

– Yurtimiz qishloq xo‘jaligidagi islohotlardan unumli foydalangan va fidokorona mehnat qilgan bu ilg‘or fermerlarga, mazkur xo‘jaliklar a’zolariga viloyat hokimligi va samarqandliklar nomidan minnatdorlik bildiraman, – dedi Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov viloyatda qishloq xo‘jaligida yumushlar muhokamasi chog‘ida. – Ularning zahmatli mehnatlari tahsinga loyiq. O‘z navbatida bu yilgi mavsumda 25 sentnerdan kam hosil olgan 163 fermer xo‘jaligi bilan shartnoma munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish lozim.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilgi mavsumi yakuni bilan g‘allachilik fermer xo‘jaliklari ixtiyorida 650 ming tonnaga yaqin don qolmoqda. Yig‘ilgan g‘allaning 76,2 ming tonnasi davlat resursiga, 160,5 ming tonnasi fermerlar tomonidan birja savdolariga chiqarish maqsadida vaqtincha saqlash uchun jamg‘arildi. Shuningdek, kelgusi yil hosili uchun 13,2 ming tonna sifatli urug‘lik zaxirasi yaratildi. 12 ming tonna g‘alla fermerlar tomonidan otaliqqa olingan 24 mingga yaqin ehtiyojmand oilaga bepul tarqatildi.

Ayni paytda viloyatda g‘alladan bo‘shagan 90,5 ming gektar maydonda takroriy ekinlar ekilmoqda. Xususan, 11,2 ming gektar yer “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan 60,5 ming nafar ishsiz fuqaroga ajratildi.

G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri