Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda ziyorat turizmi haftaligi o‘tkaziladi
19:04 / 2022-10-31

1-3 noyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbir oldidan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Turizm va madaniy meros vaziri maslahatchilari T.Mirzayev va L.Rahmonboyeva, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov haftalik davomida o‘tkaziladigan tadbirlar haqida ma’lumot berdi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

– Ushbu nufuzli tadbir mamlakatimiz ziyorat turizmi salohiyatini namoyon etish, O‘zbekistonni jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlarga jahon sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida tanitish, ziyorat turizmi xizmatlarini diversifikatsiya qilish va turizm eksportini oshirishga qaratilgan, – dedi T.Mirzayev. – Bunday haftalik ilk bor 2019 yilda Buxoroda tashkil etilgandi. Keyinchalik pandemiya va boshqa sabablar bilan bu tadbir o‘tkazilmadi. Joriy yilda davlat rahbari va respublikamiz hukumatining tegishli qarorlari asosida Turizm va madaniy meros vazirligi tashabbusi bilan mazkur haftalik qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi. Bu gal haftalikning asosiy tadbirlari Samarqand shahrida o‘tkazilsa-da, shuningdek, Buxoro, Xorazm va Toshkentda ham tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Xususan, Samarqandda “Zamonaviy islomiy me’morchilik” ko‘rgazmasi, “Ko‘ngil ohanglari” festivali, “Markaziy Osiyo – Islom san’ati markazi” xalqaro forumi kabi tadbirlar o‘tkaziladi. Shuningdek, Samarqanddagi muqaddas qadamjolarga sayohatlar uyushtiriladi.

Buxoroda “Mir Arab bitiruvchilari” forumi, “O‘zbekiston islomiy merosi” konferensiyasi, “Islom naqqoshligi va xattotlik” ko‘rgazmasi, Xorazmda esa Xorazm – islom merosi konferensiyasi, “Xiva – islom san’ati” rassomlar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Toshkent shahrida esa xalqaro turizm haftaligi doirasida Islom iqtisodiyoti bo‘yicha davra suhbati, milliy liboslar ko‘rgazmasi, halol turizm konferensiyasi va taomlar festivali ko‘zda tutilgan.

Matbuot anjumanida mamlakatimizda ziyorat turizmini yanada rivojlantirish maqsadida Malayziya, Yaponiya, Indoneziya va arab davlatlari bilan hamkorlikda muhim loyihalar amalga oshirilayotgani, mazkur haftalik ham bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA