Shu yilning 30 oktyabr kuni Samarqandda o‘z ishini boshlaydigan va 13 noyabrga qadar davom etadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida tashkilotga yangi bosh direktor saylanadi.
Kecha Parijda o‘z ishini yakunlagan YUNESKO Ijroiya qo‘mitasining 222-sessiyasi tashkilotning yangi bosh direktori lavozimiga misrlik 54 yoshli Xolid Ahmad al-Anani nomzodini tavsiya etdi. Ovoz berish jarayonida Xolid al-Anani nomzodi yalpi ko‘pchilik ovoz (55 tarafdor va 2 ovoz qarshi) olishga muvaffaq bo‘ldi.
Xolid al-Anani misrshunos olim, Xeluan universiteti professori. O‘ttiz yildan ortiq vaqtdan buyon shu yerda dars beradi. U Fransiyaning Monpele shahrida joylashgan Pol Valeri universitetida yegiptologiya bo‘yicha falsafa doktori darajasini olgan va ushbu universitetda ham dars bergan.
2014-2016 yillarda Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyini boshqargan, 2016 yildan 2022 yilgacha Misr Arab Respublikasi qadimiy yodgorliklarni muhofaza qilish vaziri, keyin esa turizm va qadimiy yodgorliklarni muhofaza qilish vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2024 yil noyabr oyida Butunjahon turizm tashkiloti tomonidan madaniy turizm bo‘yicha maxsus elchi etib tayinlangan va keyinchalik Afrika butunjahon merosi jamg‘armasi vasiysi bo‘lgan.
Xolid al-Anani o‘z saylovoldi targ‘ibotini "UNESCO for the People” (“YUNESKO xalq uchun”) shiori ostida olib bordi. Tashkilotni xalqlarga yanada yaqinlashtirish, ta’lim, madaniyat va ilm-fan sohalariga birlamchi ahamiyat qaratishga da’vat etdi. Bosh direktor lavozimiga rasman tasdiqlanganidan so‘ng “Kelajak ta’limi”, “Intellektual meros”, “Bioxilma-xillik”, “Etika va sun’iy intellekt” kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratishini ma’lum qildi.
Xolid al-Anani nomzodi 6 noyabr kuni Samarqandda tashkilotga a’zo davlatlar vakillari ishtirokidagi Bosh konferensiya sessiyasida ovozga qo‘yilishi kutilmoqda. Bosh konferensiya tomonidan saylanganidan so‘ng, u noyabr oyi o‘rtalarida lavozimiga kirishadi va amaldagi rahbar Odre Azule xonim o‘rnini egallaydi.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri