English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda YUNESKOning 80 yilligiga bag‘ishlangan yashil bog‘lar yaratildi
15:26 / 2025-10-31

YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi tadbirlari doirasida Samarqand shahrida 5 gektardan ortiq hududda yashil bog‘lar tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mas’ullarining qayd etishicha, YUNESKOning 80 yilligi munosabati bilan “Merosga tayanib, kelajak sari” shiori ostida amalga oshirilayotgan mazkur tashabbus tashkilotning asosiy qadriyatlari — tinchlik, madaniyatlararo muloqot, madaniy merosni asrash va ekologik barqarorlik g‘oyalarini ifodalaydi.

Xalqaro forum qatnashchilari, nufuzli mehmonlar bugun ushbu loyihada qatnashib, Samarqand xalqaro turizm markazi hududida 1,2 gektar maydonda 564 tup daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazdilar.  

Yashil bog‘ shunchaki ko‘kalamzor emas, balki haqiqiy ekologik innovatsiyalar markaziga aylanadi. Bu yerda suv sarfini kamaytiruvchi tomchilatib sug‘orish, yomg‘ir suvini yig‘ib, qayta foydalanish tizimlari yaratiladi, energiya tejovchi quyosh panellari va nasoslar o‘rnatiladi, chiqindilarni kompost qilish va tuproqni boyitish joylari, mahalliy tabiiy materiallardan yasalgan yo‘laklar tashkil etiladi.  

[gallery-26013]

Ikkinchi yashil bog‘ Samarqand shahar Qorasuv massivi hududida, Zarafshon daryosiga yaqin joyda yaratilmoqda.  

Yashil bog‘lar konsepsiyasi Amir Temur bog‘lari falsafasiga asoslanadi va Sohibqironning 9 ta bog‘i singari 9 bo‘limga ajratiladi.  Bog‘ bo‘limlarida chinor, oq qayin, tut, xurmo, pavloniya, atirgul butalari, lavanda, magnoliya, lola, tol, akatsiya, zarang, qayrag‘och, sakura va boshqa daraxt, buta ko‘chatlari o‘tqaziladi. Yashil bog‘larga YUNESKOning 80 yilligiga bag‘ishlangani uchun ramziy ma’noda 80 mingta ko‘chat ekiladi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari