Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda YUNESKO bog‘i barpo etiladi
10:54 / 2025-10-28

YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi munosabati bilan Samarqand shahri Qorasuv maskanidagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘i yaqinida 5 gektar maydonda “YUNESKO bog‘i” tashkil etiladi.

– Bu hudud Zarafshon daryosi yaqinida joylashgani bois tuproq namligi yuqori va ko‘chatlar tez o‘sadi, – deydi Samarqand viloyat davlat o‘rmon xo‘jaligi boshlig‘i Ilhom Yitkirov. – Shu paytgacha bu joydan foydalanilmagan, bo‘sh turgan edi. Hududda bog‘ yaratish uchun unumdor tuproqlar to‘shaldi, suv tarmog‘i tortilib, tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi. 

Loyiha doirasida Amir Temur bobomizning Samarqandda barpo etgan to‘qqizta bog‘ining kichik namunasini yaratish ko‘zda tutilgan. Bog‘da 27 turdagi 4 mingdan ziyod manzarali daraxt va buta ko‘chatlari, jumladan, kashtan, yapon saforasi, dub, lola daraxti, atirgul, lavanda hamda mahalliy daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi. Shuningdek, bog‘ hududida aholi sayr qilishi uchun yo‘laklar tashkil etiladi, o‘rindiqlar o‘rnatiladi.

“YUNESKO bog‘i” nafaqat shahar aholisi uchun yangi dam olish maskani, balki yoshlar uchun ekologik ta’lim va tabiatni asrash madaniyatini shakllantirish markaziga aylanadi. Bu yerda maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun amaliy mashg‘ulotlar, ekologik tadbirlar, ko‘chat ekish aksiyalari doimiy ravishda tashkil etilib boriladi.

Anjuman doirasida xalqaro forum ishtirokchilari va keng jamoatchilik vakillari tomonidan bog‘da ko‘chat ekish tadbiri o‘tkaziladi. 

G‘.Hasanov, O‘zA