Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda yoshlar festivallari o‘ziga xos o‘tmoqda
19:05 / 2023-06-13

Yoshlar oyligi munosabati bilan shu kunlarda Samarqand viloyati shahar va tumanlarida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivallari o‘tkazilmoqda.

Tadbirlar erta tongda “Sog‘lom hayot uchun besh ming qadam” yurish marafoni bilan boshlanib, kun davomida intellektual o‘yinlar, turli tanlov va sport musobaqalari, uch avlod uchrashuvlari, mushoiralar va konsert dasturlari bilan davom etmoqda. Tadbirlar yakuniga gala-konsert uyushtirilib, faol va ijtimoiy ko‘makka muhtoj yoshlar rag‘batlantirilmoqda.  

Jumladan, Qo‘shrabot tumanida o‘tkazilgan festivalda shu tumandagi yoshlardan biri Bastam Abdug‘aniyevga Mustaqillik mahallasida qurilgan ko‘p qavatli uydan ikki xonali xonadon sovg‘a qilindi.  

– Otam olamdan o‘tgan, onamning qaramog‘idan ham mahrum bo‘lganman, – deydi B.Abdug‘aniyev. – Uy-joyim yo‘q edi. Yoshlar kuni oldidan kutilmaganda menga yangi xonadon sovg‘a qilindi. Juda ham minnatdorman.  

[gallery-12319]

Yashash uchun barcha sharoitlari mavjud bu uyda oila qurib, orzu-umidlarimga erishaman. Bulung‘ur tumanida tashkil etilgan festival doirasida “Fozil Yo‘ldosh izdoshlari” tanlovi o‘tkazildi. Unda 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar baxshichilik bo‘yicha o‘z mahoratini ko‘rsatdi.  

– Tanlovda ma’lum bo‘ldiki, tumanimizning faxri bo‘lgan baxshi bobomiz Fozil Yo‘ldosh izidan boradigan yoshlar ko‘p ekan, – deydi respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari Akmal To‘rayev. – Har bir ishtirokchining chiqishi taniqli baxshilar tomonidan baholandi. Ayniqsa, eng yosh ishtirokchi, tanlovda ikkinchi o‘rinni egallagan 18-maktabning 2-sinf o‘quvchisi Asilbek Nabiyevning do‘mbira chertishi, termalar kuylashi ko‘pchilikni hayratlantirdi.  

Samarqand shahridagi Vatanparvar mahallasida Markaziy harbiy okrug ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tashkil etilgan festivalda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, profilaktik hisobda turgan yoshlar ishtirok etdi. Harbiy orkestr va samarqandlik san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi. Shuningdek, harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Bu yilgi yoshlar oyligi doirasida o‘tkaziladigan kasblar festivali – hunarmandchilik, qandolatchilik, oshpazlik yo‘nalishlaridagi tanlovlarning respublika bosqichi ham bugundan Samarqandda boshlandi.  

15-16 iyun kunlari Samarqand shahrida viloyat yoshlari festivali o‘tkaziladi.  

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA