English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda yilning eng faol jurnalistlari taqdirlandi
17:46 / 2024-06-27

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni Samarqand viloyatida ham keng nishonlandi.

Viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan tantanali marosimga samarqandlik jurnalist va blogerlar, matbuot kotiblari va matbaachilar, soha faxriylari taklif etildi.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov tadbir ishtirokchilarni kasb bayrami bilan tabriklab, ularning mehnatini e’tirof etdi.

– Ommaviy axborot vositalari bejiz “to‘rtinchi hokimiyat”, deyilmaydi. Chunki davlat hokimiyati organlarining faoliyatidan xalqni xabardor etish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining roli juda muhim, – dedi E.Turdimov. – Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda yuritilayotgan ochiq, xalqchil siyosatdan xalqni xabardor etish, ularning faol ishtirokini ta’minlashda “to‘rtinchi hokimiyat” vakillarining o‘rni oshib bormoqda. Davlatimiz rahbarining kuni kecha e’lon qilingan tabrigida qayd etilganidek, sizlar o‘zingizning qat’iy pozitsiyangiz, haqqoniy so‘zingiz bilan hayotimizdagi o‘tkir muammolarni hal etish, islohotlarimizning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikrini, dunyoqarashini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqdasiz.

Marosimda bir guruh jurnalistlar, axborot xizmatlari xodimlari va matbaachilar viloyat hokimligining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi va viloyat hokimligi tomonidan o‘tkazilgan “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovining 10 nafar g‘olibiga diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.

– Bu yilgi bayram men uchun esda qolarli bo‘ldi, – deydi Samarqand viloyati teleradiokompaniyasi maxsus muxbiri Zamon Eshonqulov. – Avvalo, kuni kecha Prezidentimiz farmonlariga ko‘ra, yuksak davlat mukofoti – “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Qolaversa, viloyatning eng faol jurnalistlari qatorida e’tirof etildim. Albatta, bu ishonchga munosib bo‘lib, viloyatimizdagi islohotlar jarayonlarini keng yoritishda, bu jarayondagi muammo va nuqsonlarni ko‘rsatib, ularning hal etilishini ta’minlashda yana ham faol ishtirok etaman.

[gallery-18025]

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari A.Haydarovning qayd etishicha, bugungi kunda Samarqandda 36 ta gazeta-jurnal chop etilmoqda, ikkita yirik bosmaxona ishlab turibdi. Bitta televideniye va bitta radio faoliyat ko‘rsatyapti. Viloyat teleradiokompaniyasining bir kunlik efir hajmi 18 soatni tashkil qilmoqda. Bundan tashqari, viloyat hamda 16 ta tuman va shahar hokimligida, 65 ta tashkilotda matbuot kotibi faoliyat yuritmoqda. Ommaviy axborot vositalari tahririyatlari viloyat hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda, ularning erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.

Kasb bayrami arafasida viloyatdagi jurnalist va blogerlar hamda axborot xizmatlari vakillari ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini, futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi. Ushbu tanlov va musobaqalar g‘oliblari viloyat sektorlar rahbarlari tomonidan rag‘batlantirildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari