Davlatimiz rahbari raisligida shu yil 11 sentyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokama etildi. Yil yakunigacha 500 ming nafar, 2025 yilda esa 1 million nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish belgilandi.
23 sentyabr kuni esa Prezidentimiz tomonidan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror hamda “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi.
Endilikda mamlakatimizda aholini kambag‘allikdan chiqarish umummilliy harakatga aylanib, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi. 2024-2025 yillarda odamlar o‘zini- o‘zi band qilishi, kichik va o‘rta tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun mikrokreditlar ajratishga 10 trillion so‘m beriladi. Shuningdek, kambag‘al oilalarga 30 million so‘mlikkacha bo‘lgan uskuna, ko‘chma do‘kon, motoroller, skuter kabi vositalar 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi. Kambag‘al oila farzandlariga kompyuter sotib olish uchun 5 yilga 2 yillik imtiyozli davr bilan foizsiz kredit ajratiladi.
Samarqand viloyatida ham aholini kambag‘alikdan chiqarish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshida hokim yordamchilari tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijasida 98,4 ming oila kambag‘al sifatida qayd etildi va kambag‘allik darajasi 10,5 foiz qilib belgilangan.
– Hududlarda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 20 ming nafar fuqaroga 337 milliard so‘m so‘m imtiyozli kredit, 2,7 ming nafariga 17,4 milliard so‘m subsidiya berildi, – deydi Samarqand viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Rivojiddin Mahqulov. –17,5 ming fuqaro kasbga qayta tayyorlandi, 4,1 ming nafari jamoat ishlariga jalb qilingan bo‘lsa, qariyb 27 ming nafarining bandligi ta’minlandi. Shuningdek, mahallalarni obod qilish, bog‘cha, maktab, tibbiyot muassasalari, yo‘l, suv va elektr infratuzilmasi uchun 2 trillion so‘m ajratildi. Kambag‘al oilalarga 16 ming gektar yer dehqonchilik qilib daromad topishi uchun bo‘lib berildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 8 oyi yakuni bilan kambag‘al oilalar soni 77 ming 931 tani, kambag‘allik darajasi 8,2 foizni tashkil etdi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” umummilliy dasturi doirasida viloyatda yil yakuniga qadar viloyat bo‘yicha kamida 100 ming nafar fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish belgilab olindi. Bu borada shahar va tumanlarda mahalladagi kambag‘al oilalar rahbar va tashabbuskor tadbirkorlarga bo‘lib berildi. Biriktirilgan mas’ullar avvalo kambag‘al oila vakillarining madaniyatini, ongini o‘zgartirishga, jamiyatda faol bo‘lishga, farzandlarini vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga yaqindan yordam beradi. Oila doimiy daromadga ega bo‘lishi uchun kasb-hunarga o‘qitilib doimiy bandligi ta’minlanishiga ko‘maklashiladi.
Aholini kambag‘allikdan chiqarish borasida Qo‘shrabot tumanini namunali hududga aylantirish maqsadida viloyat tashkilotlari, tashabbuskor tadbirkorlar hamda jamoatchilik tomonidan keng ko‘lamli ishlar boshlandi. Bugungi kunda hududda kambag‘al oilalar 4542 tani, kambag‘allik darajasi 15,2 foizni tashkil etadi.
– Dastlabki o‘rganishlar natijasi bo‘yicha 954 ta kambag‘al oilaga mas’ular biriktirilib, bu oilalarning 11 ming nafarga yaqin a’zosini kasbga o‘qitish, 17 ming nafarga yaqinini tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunarga ega 5431 nafar fuqaroning ichki va tashqi migratsiya orqali bandligini ta’minlash, 16 ming nafardan ortiq fuqaroni ijtimoiy va tibbiy muhofaza qilish belgilandi, – deya so‘zida davom etadi R.Mahqulov. – Misol uchun, Jombuloq mahallasiga biriktirilgan "NEW TECH SAMARQAND" MCHJ rahbari Behruz Salohiddinov tomonidan mahallada sartaroshxona, "Go‘zallik saloni", kompyuter xizmatlari markazi hamda junni qayta ishlash sexi quriladi. Bu yerda 25 ta kambag‘al oila a’zolari doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
Yangiobod mahallasiga biriktirilgan "SB GEOLOG" MCHJ Yangiobod mahallasidagi 42-maktabning fizika va ingliz tili o‘qituvchilari bilan shartnoma imzolab, 40 nafar kambag‘al oila farzandlarini qo‘shimcha o‘qitishni yo‘lga qo‘ydi.
Har ikki oyda malakali mutaxassislar tomonidan bu o‘quvchilar sinovdan o‘tkazib boriladi.
Kelgusida mahallada o‘quv markazi tashkil etilib, kambag‘al oilalarning 45 nafar yoshlari kasb-hunarga o‘qitiladi.
Chinoq mahallasiga biriktirilgan yirik tadbirkor "SXF BIG STROY BUILDING" MCHJ rahbari Zafar To‘rayev ushbu mahallada bitta QVP, bitta dorixona, poyabzal ustaxonasi, sartaroshxona va savdo do‘konlari qurib, yangi ish o‘rinlarini yaratmoqda.
Bundan tashqari, ichki migratsiya asosida mahalladagi 58 nafar ishsiz fuqaroni o‘z korxonasiga ishga olib, 6-8 million so‘m ish haqi bilan ta’minlagan.
Tumanda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida qiymati 257 milliard so‘mlik 5 ta yirik loyihani amalga oshirish hisobiga 515 ta yangi ish o‘rini yaratiladi.
Tashabbuskor tadbirkorlarning 585,2 milliard so‘mlik 35 ta investitsiya loyihalari hisobiga 1375 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Bu ishlar natijasida yil yakuniga borib tumanda ishsizlik darajasining 4,2 foizga tushirilishi rejalashtirilgan.
Viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham bu boradagi ishlar izchil amalga oshirilmoqda va yil yakuni bilan ishsizlik darajasini 6,8 foizga tushirish mo‘ljallanmoqda.
G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri