Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda yetti tonnali osh pishiriladi
19:00 / 2025-08-01

Milliy taomlarimizni keng targ‘ib etish va gastronomik turizmni rivojlantirish maqsadida joriy yilning 1–3 avgust kunlari Samarqand shahrida “Samarqand oshi” xalqaro gastronomik festivali o‘tkaziladi.

Samarqand nafaqat betakror tarixiy va madaniy yodgorliklari, balki mazali milliy taomlari bilan ham dunyoga mashhur. Bu qadimiy kentga kelayotgan sayyohlar shahardagi bir necha asrlik tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish, uning go‘zal va betakror tabiatidan bahramand bo‘lish bilan birga Samarqand noni va qandolat mahsulotlari, palov va no‘xatsho‘rak, anjir va  uzumlarini ham tatib ko‘radi. Va bu mahsulotlar ta’mi og‘izlarida qolganini ta’kidlaganlarini har bir mehmondan eshitish mumkin. Shu bois bugun Samarqand oshxonasi, meva-sabzavot va boshqa mahsulotlari turizmning ajralmas bir bo‘lagiga aylangan.

[gallery-24583]

Samarqand viloyati hokimining turizmni rivojlantirishga mas’ul o‘rinbosari Rustam Qobilovning qayd etishicha, bu boradagi ishlarni zamon talablari darajasida takomillashtirish va taomlarni tayyorlash an’analarini saqlab qolish, kelgusi avlodlarga yetkazish hamda xorijda ham keng targ‘ib etish maqsadida joriy yilda “Samarqand noni” va “Samarqand no‘xatsho‘ragi” geografik ko‘rsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatiga olindi.

– Har bir bayram va ommaviy sayillar, turizm festivallarida milliy taomlar, zaminimizda yetishtirilgan noz-ne’matlar ko‘rgazmalari o‘tkazilmoqda, turli tanlovlar tashkil etilmoqda – deydi R.Qobilov. – Yaqinda Samarqandda non festivali o‘tkazib, unda yurtimizning barcha hududlaridan mohir novvoylarni  taklif etgan edik. Bu gal “Samarqand oshi” festivaliga nafaqat mamlakatimiz, balki o‘ndan ortiq xorijiy davlatlardan ham mohir oshpazlarni taklif etdik. Jarayonlarni 14 davlatdan kelgan 50 nafardan ziyod jurnalist va blogerlar bevosita kuzatib, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritmoqda.  

Festival dasturiga ko‘ra, bugun dastlab “Palov(osh) – O‘zbekiston xalqlari milliy oshxonasining madaniy va gastronomik timsoli” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi. Tadbirda milliy taomimiz bo‘lgan palov (osh)ning tarixi, biologik va energetik xususiyatlari, bu taom bilan bog‘liq qadriyat va an’analar haqida so‘z yuritildi. Yurtimizning turli hududlarida tayyorlanadigan “Farg‘ona palovi”, “Samarqandcha palov”, “To‘y oshi”, “Buxoro palovi”, “Qovurma palov” va boshqa turlari, ularning tarkibi hamda pishirish usullari yuzasidan mutaxassislar tomonidan fikrlar bildirildi.  

– Men o‘z hayotimda ilk bor Samarqandda o‘zbek palovining keng madaniy mazmunini his qildim, – deydi pokistonlik oshpaz Amina Basit. – Biz uchun guruchli taomlar oddiy ovqat bo‘lishi mumkin, lekin bu yerda palov – tarix, marosim, oilaviy birlik va mehmondo‘stlik timsoli ekanini angladim. Men palov pishirishdagi nozik sirlarni ham o‘rganishga muvaffaq bo‘ldim.  

Kunning ikkinchi yarmida Samarqand shahridagi Sulton Hovand Beka maqbarasi — Ashratxona majmuasida mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan sara oshpazlar ishtirokida osh tayyorlash bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Bu jarayonni minglab sayyohlar va mahalliy aholi kuzatib bordi va har bir oshpazning mahorati hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.

Festivalning ikkinchi kuni, ya’ni ertaga Samarqand shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasida 15 dan ortiq davlatdan kelgan dunyoga mashhur oshpazlar palov osh va o‘z milliy taomlarini tayyorlashadi.  

3 avgust kuni esa “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida festivalning asosiy tadbiri — 7 tonnalik osh tayyorlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida maxsus tayyorlangan qozonda 50 nafar mahalliy va 5 nafar xorijiy oshpaz ishtirokida osh tayyorlanadi. Mehmonlar bu jarayonini bevosita kuzatib, taomdan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Festival doirasida mahalliy va xorijlik oshpazlar tomonidan 20 turdan ortiq osh tayyorlanadi. Oshpazlar tomonidan mahorat darslari, xorijiy mamlakatlarning milliy taomlarini tayyorlash jarayonlari, hunarmandchilik va sharq shirinliklari ko‘rgazmalari tashkil etiladi. Madaniy dasturlar va konsert tomoshalari uyushtiriladi.

G‘.Hasanov,  

A.Isroilov (surat),  

O‘zA muxbirlari