French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda yetti oyda 100 ta mahalla binosi foydalanishga topshirildi
11:17 / 2022-08-02

Joriy yil yanvar oyida Samarqand viloyatidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnik bazasi tahlil qilinganda mavjud 1126 mahallaning 86 tasi o‘z binosiga ega emasligi, 40 mahalla bir xonali, 171 mahalla ikki xonali binoda faoliyat olib borayotgani qayd etilgandi.

Shuningdek, yana bir qator mahallalarda yetarli shart-sharoit mavjud emasligi tanqid qilinib, hokimliklar va sektor rahbarlariga, mutasaddilarga zarur topshiriqlar berilgan edi. Mahalliy byudjet mablag‘lari va homiylik yordamlari, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida yil davomida viloyat bo‘yicha 194 ta mahalla uchun yangi bino qurishga qaror qilindi.  

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu yil yurtimizda mahalla instituti tubdan takomillashdi, – deydi Samarqand viloyati mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov. – Vazirligimiz, hududiy boshqarma va bo‘limlar faoliyati yangicha asosida yo‘lga qo‘yildi. Fuqarolar yig‘inlarida hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi lavozimlari joriy etildi. May-iyun oylarida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovi o‘tkazilib, aholi tomonidan eng munosib yetakchilar oqsoqollikka saylandi.

Mahallada ishlovchilarning huquq va vakolatlari kengaydi, mas’uliyati oshdi. Shu bilan birga odamlarning ham mahallaga munosabati o‘zgardi. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak. Har qanday masalada odamlar avvalo mahallaga boradi, quvonchu tashvishi mahalla bilan. Bu yerda yechim topmagan masala, muammo keyin yuqoriga chiqadi. Shuning uchun mahalla fuqarolar yig‘inlarida xodimlar va aholi uchun ham munosib sharoit bo‘lishi kerak. Yil boshidagi tahlillar asosida viloyat hokimligining ko‘magi bilan barcha tuman va shaharlarda mahalla fuqarolar yig‘inlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga e’tibor qaratildi.  

Kerakli mablag‘ ajratildi, homiylar topildi, aholining o‘zi tashabbus ko‘rsatdi. Natijada shu paytgacha viloyatimizda yuzdan ortiq mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Jumladan, Samarqand shahrida 11, Narpay tumanida 10, Urgutda 9, Qo‘shrabotda 8 mahalla yangi binoga ega bo‘ldi. Kattaqo‘rg‘on tumani “Javlon” mahalla fuqarolar yig‘inining binosi viloyatdagi yuzinchi yangi mahalla binosi sifatida tantanali ochildi. Qisqa fursatda yangidan bunyod etilgan binoda rais va boshqa xodimlar uchun zarur sharoitlar yaratildi.  

Boshqarma va “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boshqarmasi tomonidan mebel va kompyuter jihozlari berildi. Yangi binoning ochilishi marosimi ezgu ishga ulanib, mahalladagi ehtiyojmand oilalar farzandlarining xatna to‘yi ham o‘tkazildi. Viloyatda ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda va avgust oyida 36 ta, sentyabr-oktyabr oylarida esa 70 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun yangi binolar foydalanishga topshiriladi.  


G‘.HASANOV, O‘zA