Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda “yashil shahar” loyihasi amalga oshiriladi
09:32 / 2023-03-30

Samarqand shahri 2021 yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining qiymati 3 milliard yevroni tashkil qiluvchi “Yashil shaharlar” dasturiga qo‘shilish orqali barqaror rivojlanishni rejalashtirishni takomillashtiradigan O‘zbekistondagi birinchi shahar bo‘ldi.

Samarqand viloyati va shahar hokimligi rahbarlari hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jujjana Xargitay boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda mazkur loyihaning birinchi bosqichini amalga oshirishga kirishilgani ma’lum qilindi.

To‘rt bosqichdan iborat loyiha doirasida “Yashil shahar” konsepsiyasini ishlab chiqish, shahar infratuzilmasi va transport tizimini yangilash, qayta tiklanuvchi energiya manbaalaridan foydalanish, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish orqali atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, yashil moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. Bu chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladigan harakatlar rejasi xalqaro va mahalliy maslahatchilar guruhi tomonidan asosiy ekologik muammolarni tahlil qilish va baholash natijalari, shaharning yaqin 15 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi asosida tayyorlangan.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mazkur loyiha yirik turizm markaziga aylanib borayotgan Samarqand shahrining strategik maqsadlari, ekologik muammolarni hal etish, sarmoya jalb etish chora-tadbirlarini belgilashga xizmat qilishini ta’kidladi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jujanna Xargitay bank tomonidan yashil iqtisodiyot dasturlarini moliyalashtirish uchun 5 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratilganini ma’lum qilib, loyihalar 50 dan ortiq mamlakatni qamrab olganini qayd etdi.

– Bugun biz Samarqandda aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan “yashil shahar”ni rivojlantirishning 15 yillik strategiyasini boshlashga kirishdik, – dedi Jujanna Xargitay. – Ushbu voqeadan kelib chiqib, ikkita asosiy jihatga e’tibor qaratmoqchiman. Birinchisi, mazkur loyiha asosida joriy yilning may oyida samarqandliklar ko‘rishi mumkin bo‘lgan elektr avtobuslarning birinchi partiyasini xarid qilish bo‘yicha investitsiya loyihasi kiritilgan. Ikkinchisi esa, loyiha fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Shaharni qanday qilib eng yaxshi yashil shaharga aylantirish va buning uchun nima qilish zarurligi haqida, albatta, samarqandliklardan so‘raymiz. Ularning fikri biz uchun juda muhim. 

Uchrashuvda joriy yilning may oyida manfaatdor tomonlar ishtirokida loyiha bo‘yicha birinchi uchrashuvni o‘tkazishga kelishib olindi.

G‘.HASANOV, O‘zA