O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining buyrug‘iga asosan Yo‘ldoshev Sherali Mamaraimovich Ijtimoiy himoya milliy agentligining Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Sherali Yo‘ldoshev mazkur tayinlovga qadar O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan.
Yaqinda Payariq tumani hokimi vazifasidan ozod etilgan Jabborov Isroil Ismoilovich O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Isroil Jabborov Payariq tumaniga hokim bo‘lishidan avval viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

Shuningdek, yaqinda Toyloq tumani hokimi lavozimiga tayinlanishi tufayli Samarqand viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari vazifasidan ozod etilgan B.Rahmatullayev o‘rnida ham yangi rahbar ish boshladi.
Ushbu vazifaga shu paytgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi davlat kadastrlar palatasi tashkiliy-nazorat va murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan Rahmatullayev Alimardon To‘ramurodovich tayinlandi.
A.Rahmatullayev 2019-2021 yillarda Samarqand shahar hokimligi tashkiliy-nazorat guruhiga rahbarlik qilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri