Samarqand shahrining Cho‘pon ota hududida ko‘p tarmoqli infratuzilmaga ega zamonaviy avtovokzal majmuasi foydalanishga topshirildi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida 4,6 gektar maydonda barpo etilgan avtovokzalda tadbirkor tomonidan 12 million AQSH dollarilik qurilish ishlari amalga oshirildi.
Yangi majmuaning ochilish marosimida ishtirok etgan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A. Boboyev viloyatda aholiga jamoat transporti xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish, avtobus parklarining yangilanayotgani haqida so‘z yuritdi. Mazkur avtovokzal ham bu boradagi ishlarning samarasi o‘laroq bunyod etilganini ta’kidladi.
Bu yerda yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Keng va yorug‘ kutish zali, ona va bola xonasi, bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi, elektron tablo, shuningdek, imkoniyati cheklangan fuqarolarning hudud bo‘ylab erkin harakatlanishi uchun barcha sharoit mavjud.
Yangi majmua tarkibida avtobus, mikroavtobus va yo‘nalishsiz taksilar uchun alohida kutish maydonlari barpo etilgan. Avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazuvchi mexanik xizmati yo‘lga qo‘yilgan.
Loyiha doirasida nafaqat yo‘lovchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi, balki keng ko‘lamli xizmat ko‘rsatish va savdo maydonlari ham barpo etildi. Hududdagi 120 ta savdo do‘koni, 3 ta zamonaviy restoran, 14 ta servis shoxobchasi, 1 ta avtosalon, 2 ta mehmonxona shular jumlasidandir.
- Avtovokzal bir vaqtning o‘zida 140 dan ortiq avtobusni qabul qilish va 1000 nafardan ortiq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega, - deydi Samarqand viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Tojiyev. - Bu yerdan nafaqat viloyatimiz va Samarqand shahriga, balki respublikamizning barcha hududlariga avtobus qatnovi amalga oshiriladi. Hatto, Qozog‘iston, Tojikiston va Rossiyaga ham qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Mazkur majmuaning foydalanishga topshirilishi viloyatimizda avtotransport sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, shaharlararo va viloyatlararo qatnovchi transport vositalarining qatnovini sezilarli darajada yaxshilashga hissa qo‘shadi.
Yangi avtovokzal va uning atrofidagi xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi bilan 300 nafar aholi uchun doimiy ish o‘rinlari yaratildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari