French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda yana bir xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi
10:55 / 2022-05-27

Samarqand davlat universitetida Moskva davlat universitetining Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti hamda IICAS xalqaro tadqiqot instituti bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoning tarixiy ahamiyati hamda katta va kichik karvon yo‘llarining merosi” nomli xaqlaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Anjumanni ochib bergan O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Zokir Zoitov mazkur tadbir ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik hamda ilmiy aloqalarni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Konferensiyada Buyuk Ipak yo‘lining Markaziy Osiyo mamlakatlari rivojlanishida tutgan o‘rni, tarixiy rivojlanish evolyutsiyasi, mintaqa xalqlari tarixida o‘zaro hamkorlik, madaniy va etnik aloqa shakllanishi bosqichlari kabi masalalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar taqdim etildi.

– bugungi simpoziumning mamlakat tarixiy hayotida tutgan o‘rni nihoyatda beqiyos, - dedi Shanxay hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov. – Bu yil O‘zbekiston va Rossiya davlatlari o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilganiga 30 yil to‘ladi. Markaziy Osiyo jahon tarixi va madaniyatida alohida ahamiyatga ega. Samarqand esa ayni nuqati nazardan mamlakatlarni bog‘lovchi karvon yo‘llari tutashgan markaziy nuqta hisoblanadi. Simpoziumning ushbu ko‘hna kentda o‘tkazilishiga ham sabab shu. Anjuman Markaziy Osiyo davlatlari tarixidagi mushtarak jihatlar, Buyuk Ipak yo‘li xalqlari o‘rtasidagi diplomatik munosabatning ildizini o‘rganishda muhim o‘rin tutadi.

– Sharq xalqlarining tarixi, rivojlanish evolyutsiyasiga nazar tashlar ekanmiz, sivilizatsiya negizida Markaziy Osiyo davlatlari turganiga guvoh bo‘lamiz, - deydi Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Aleksandr Kadirbayev - Bu hudud azaldan madaniyat, ilm-fan, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar taraqqiyoti vatani hisoblanadi. Samarqand ham mintaqa yuragi sifatida mazkur tarixiy jarayonda alohida o‘ringa ega. bugungi kunda Moskva davlat universiteti Markaziy Osiyoning ko‘plab oliy ta’lim muassasalari, jumladan, SamDU bilan izchil aloqani yo‘lga qo‘ygan. Hamkorlik doirasida bizning universitetda ochilgan maxsus Sharq xalqlari tarixini o‘rganishga ixtisoslashtirilgan guruhlarda boshqa sharq tillari qatori o‘zbek tili ham o‘qitiladi. Ushbu guruh talabalari O‘rta Osiyo hududi, xususan, O‘zbekistonning tarixiy shaharlarida amaliyot o‘tashi ham belgilangan.

 

Konferensiya doirasidagi sho‘’ba yig‘ilishlarida Rossiya - O‘zbekiston gumanitar aloqalari, Markaziy Osiyoning qadimgi, o‘rta va yangi davrlari tarixi, minataqaning markaziylik xususiyati, rivojlanish jarayonining zamonaviy tendensiyalari kabi qiziqarli mavzular muhokama qilindi.

Iroda BEKMURODOVA,
SamDU axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov (surat).