Samarqandda yana bir sement zavod ishga tushdi
Samarqand shahrida “Jomboy yashil chiroqlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan yangi sement zavod ishga tushirildi.
Samarqand shahrida “Jomboy yashil chiroqlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan yangi sement zavod ishga tushirildi.
Loyiha qiymati 42 million dollar boʻlgan yangi zavod yiliga 300 ming tonna jahon standartlariga mos sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ishlab chiqarishda Xitoy texnologiyasidan foydalanilmoqda. Bunda korxona Xitoyning CHOP kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
Yangi zavodning dastlabki bosqich ishlab chiqarish liniyasining ishga tushirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan marosimda Samarqand viloyati hokimi E. Turdimov, Xitoyning CHOP cement engineering kompaniyasi prezidenti Jang Yu Mei xonim soʻzga chiqib, hamkorlikdagi loyihaning istiqbollari, yurtimizda tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga toʻxtaldi.
– Oʻzbekiston bilan hamkorlik aloqalarimiz tobora rivojlanib bormoqda, – dedi Jang Yu Mei xonim. – Ushbu loyiha 2016-yilning 1-iyunidan boshlangan edi. Shundan bugungi kungacha boʻlgan davr mobaynida Oʻzbekistonda tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar, yaratilayotgan sharoitlarni koʻrib, bunga guvoh boʻlib kelyapman. Haqiqatda ham bu yurtda xususiy biznes uchun barcha sharoit yaratib berilmoqda. Bugun ishga tushirilgan ishlab chiqarish liniyasi bizning hamkorligimizning dastlabki bosqichi hisoblanadi. Oʻylaymanki, “Jomboy yashil chiroqlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorligimiz yanada mustahkamlanib, korxonaning ikkinchi liniyasini ham birgalikda amalga oshiramiz. Biz bu boradagi hamkorlik uchun doimo tayyormiz.
Yangi korxonada 200 nafar mahalliy aholi doimiy ish oʻrniga ega boʻldi.
- Ushbu loyihamiz 2023-yilgacha moʻljallangan boʻlib, birinchi bosqich yakunlandi, - deydi korxona rahbari Zayniddin Ahrorov. – Uskunalar har tomonlama qulay, energiya tejamkor boʻlib, ishlab chiqarilayotgan mahsulot zamon talablariga toʻliq javob beradi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun “Sanoatqurilishbank” ATB Samarqand filialidan 5,5 million dollar kredit mablagʻi oldik.
Davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar bizga yanada kuch bagʻishlayapti. Kelgusida belgilagan rejalarimizni oʻz vaqtida amalga oshirib, bildirilgan ishonchni munosib oqlaymiz.