Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi yangi aksiya e’lon qildi. Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan muhtarama ayollar, aziz opa-singillarimizga viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi Davlat xizmatlari markazlarida bayram tuhfasi sifatida joriy yilning 6 martidan 9 martga qadar «Davlat xizmatini navbatsiz ko‘rsatish» aksiyasi doirasida xizmatlarni navbatsiz olish imkoniyati yaratilmoqda.
Ma’lumki, bugungi kunda tuman Davlat xizmatlari markazlari xodimlari tomonidan pensioner, homilador hamda jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga ham davlat xizmatlari navbatsiz ko‘rsatib kelinadi. Ushbu aksiya doirasida bunday imtiyoz turi qisqa muddatga bo‘lsa-da, bittaga ortdi.
Ta’kidlash joizki, agentlikning viloyat boshqarmasi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning 40 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi. Bu esa viloyatda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida ayollarning o‘ziga xos hissasi borligini bildiradi.
Bundan tashqari, aholining davlat xizmatlari borasidagi xabardorligini yanada oshirish maqsadida mart oyida «Davlat xizmatlari sayli» o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Bunday tashabbuslardan yagona maqsad – xalqimizga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini sifat bosqichiga ko‘tarish.
Davlat xizmatlari agentligi
Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati