Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda xavfsiz muhitni ta’minlash choralari belgilandi
15:00 / 2026-02-05

Samarqand viloyatida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha joriy yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni barpo etish hamda jamoat xavfsizligini ishonchli ta’minlashga qaratilgan namunaviy amaliyotni joriy etish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan yig‘ilishda viloyatdagi huquq-tartibot organlari, boshqarma va idoralar rahbarlari, tuman va shaharlar hokimlari, hududiy ichki ishlar bo‘linmalari boshliqlari hamda profilaktika inspektorlari  qatnashdi.

Yig‘ilishda Ichki ishlar vaziri A.Toshpo‘latov, viloyat hokimi A.Boboyev davlatimiz rahbari tomonidan Toshkent shahri misolida xavfsiz muhitni shakllantirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan belgilab berilgan vazifalar Samarqand viloyati uchun ham xosligini qayd etib, bu borada e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalarga to‘xtaldi. Tuman va shaharlarda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar tanqidiy tahlil qilindi.  

Xususan, Samarqand shahrida jinoyatchilik darajasining oshgani keskin tanqid ostiga olindi. Shu bilan birga, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda yashirin iqtisodiyotni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda joriy yilda viloyatda xavfsiz hududlarni shakllantirishga qaratilgan aniq va maqsadli chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, viloyat hududidagi 1063 mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha kompleks ishlar olib borish, ijtimoiy profilaktika doirasida “xonadonma-xonadon” ishlashning namunaviy mexanizmini joriy etish rejalashtirildi.

Narkojinoyatchilik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish borasida mas’ul idoralar bilan hamkorlikda tizimli choralar ko‘rish, tuman va shaharlarda, xususan, uyushmagan yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan “Samarqand tajribasi”ni joriy etish vazifalari belgilandi.

Internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish va elektron to‘lov tizimlariga tajovuz qilish bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish va ularni barvaqt aniqlash, bunda zamonaviy tahlil mexanizmlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.  

Bundan tashqari, sodir etilgan har bir og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat holati bo‘yicha uning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini chuqur tahlil qilish, jinoyat yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish hamda profilaktik ishlarni kuchaytirish yuzasidan mas’ul tuzilmalarga aniq topshiriqlar berildi. Kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan hamda “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarga biriktirilgan mas’ul rahbar va xodimlar mas’uliyatini oshirish, bu mahallalardagi profilaktika ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.  

Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar asosida hududlarda qo‘shimcha zamonaviy videokuzatuv vositalarini o‘rnatish va ularni viloyat ichki ishlar boshqarmasining “Yagona tezkor boshqaruv markazi”ga bosqichma-bosqich ulash, shuningdek, ko‘ngilochar maskanlar, 24 soat faoliyat yurituvchi gastronomik ko‘chalar, savdo markazlari hamda ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan hududlarda jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha kompleks choralar belgilab olindi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri