Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘tkazilgan “BRAUIC 2025 – Global ufqlar: transformatsiyalar davrida arxitektura va qurilish sohalarida xalqaro ta’lim hamkorligi” forumida shunday qarorga kelindi.
BRAUIC (Belt and Road Architectural University International Consortium) 2017 yilda Pekin qurilish va arxitektura universiteti (BUCEA) tashabbusi bilan “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasida tashkil etilgan xalqaro konsorsium bo‘lib, bugungi kunda Osiyo, Yevropa, Afrika va Amerika qit’alaridagi 39 ta mamlakatdan 91 ta universitetni birlashtiradi.

Konsorsium arxitektura va qurilish sohasida xalqaro ta’lim va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma akademik dasturlar va talabalar almashinuvini amalga oshirish, loyihalash va qurilishda raqamli texnologiyalar hamda barqaror yechimlarni joriy etish kabi yo‘nalishlarda platforma vazifasini bajaradi.

Mazkur forumda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori Chidem Turkyilmaz boshchiligida universitet vakillari ham qatnashdi.

Forum doirasida “Luban Global School”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Luban Global School – Luban Workshop dasturidan shakllangan xalqaro platforma bo‘lib, u hunarmandchilik merosi, raqamli vositalar va global hamkorlikni texnik hamda arxitektura-qurilish ta’limida uyg‘unlashtirdi.

Tashabbus doirasida amaliyot dasturlari, innovatsion laboratoriyalar va qo‘shma ta’lim yo‘nalishlari nazarda tutilgan bo‘lib, ular MDH davlatlari oliy ta’lim muassasalari uchun ham dolzarbdir. Ushbu maktabning O‘zbekistondagi filiali Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida tashkil etiladi.

Shuningdek, arxitektura merosini saqlash va undan foydalanishga mo‘ljallangan global raqamli platforma taqdim etildi. U “raqamli egizaklar”, ob’ektlar holatini monitoring qilish, 3D/AR-ekspozitsiyalar hamda universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, muzeylar, merosni muhofaza qilish organlari, shahar ma’muriyatlari va loyihalash byurolari uchun xalqaro hamkorlik vositalarini o‘zida mujassamlashtiradi.
G‘. Hasanov, O‘zA