Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi
04:47 / 2022-05-29

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida qomusiy olim To‘raqul Zehniy tavalludining 130 yilligiga bag‘ishlangan “To‘raqul Zehniy va tojik tili, adabiyoti hamda madaniyati masalalari” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat hokimligi mutasaddilari, SamDU rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, shuningdek Tojikistondan Fanlar, Ta’lim, Ilm va fan akademiyalari hamda Abu Abdulloh Rudakiy nomidagi til va adabiyot instituti mas’ullari, ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ochilov SamDU rektori, senator Rustam Xolmurodov O‘zbekiston - Tojikiston hamkorligi keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilganini, ushbu konferensiya ham ikki qardosh xalq do‘stona munosabati ifodasi ekanini ta’kidladilar.

- Samarqand Markaziy Osiyoning azaldan ilm, ma’rifat va ma’naviyat taraqqiy etgan qadimiy maskanidir, - dedi Tojikiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Muhammad Abdurahmon Navro‘z. – bugungi anjumanda qomusiy olim To‘raqul Zehniy ilmiy-adabiy merosini o‘rganish va yoshlar orasida targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, universitet bilan kelgusida talabalar va tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldik.

Tadbirda “To‘raqul Zehniy va XX asr boshlari tojik tilshunosligi muammolari”, “To‘raqul Zehniyning badiiy san’atni tadqiq etishdagi o‘rni”, “Qalb va ko‘z chirog‘i” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

SamDU axborot xizmati,

Shavkat Akramov (surat) 

O‘zA