Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda vakolatli organlar 5 mingdan ortiq murojaatga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan
09:31 / 2022-07-27

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ularning sifat va samaradorligini oshirish, belgilangan muddatlarda taqdim etilishi uchun davlat idoralari va tashkilotlari vakolatli organ hisoblanadi. Markazlar orqali yuborilgan fuqarolarning har bir so‘rovlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, tegishli javob qaytarilishi lozim. Murojaatni asossiz rad etishga, vaqtida ko‘rib chiqmaslikka, ortiqcha hujjat talab qilishga hech bir organ va rahbarning haqi yo‘q. Ammo, ayrim mas’ullar buni unutib qo‘ymoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida Samarqand viloyatidagi tuman, shahar Davlat xizmatlari markazlaridan yuborilgan maxsus xabarlarning ko‘pi vakolatli organlar tomonidan qonunda belgilangan tartibda hal etilmagan. O‘tkazilgan tekshirish va monitoringlar davomida 5117 ta qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

– Tahlillarga ko‘ra, 4234 holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlari buzilgan, 821 holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatilgan, 56 holatda murojaatlar asossiz rad etilib, 6 holatda boshqa qonun buzilishlari sodir etilgan, – deydi Samarqand viloyati adliya boshqarmasi davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Sherzod Azizov. – Jumladan, bunday holat kadastr idoralari (1750 ta), gaz ta’minoti, (1584 ta), suv ta’minoti (594 ta), elektr ta’minoti korxonalari (127 ta), qurilish idoralari (83 ta), tuman (shahar) hokimliklari (204 ta), sog‘liqni saqlash muassasalari (240 ta), davlat soliq inspeksiyalarida (378 ta) ko‘p uchramoqda.  

Masalan, “Graver Menedjment” MCHJning Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi orqali shu yil 15 mayda Oqdaryo tuman qurilish bo‘limiga yuborilgan ob’ektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma olish to‘g‘risidagi so‘rovnomasi 17 may kuni “Ijaraga beruvchi yerning foydalanish maqsadini boshqa faoliyat turiga o‘zgartirish va qo‘shimcha qurilishga berilgandan so‘ng ruxsat berilishini ta’minlaymiz...”, degan vaj bilan rad etilgan. 

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan “bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”ning 18-bandida vakolatli organga so‘rovnoma tushganidan so‘ng, 7 ish kunida ob’ektni joyiga borib bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlar qurish imkoniyatlari mavjudligini o‘rganishi va QR-kod qo‘yilgan ruxsatnomani berish yoki rad etishning aniq sabablarini ko‘rsatgan holda ruxsatnoma berishni rad etishi belgilangan. Ya’ni, Oqdaryo tuman qurilish bo‘limining mazkur holatdagi xatti-harakatlari qonunchilik talablariga zid hisoblanadi. 

Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan vakolatli idoralar rahbarlari nomiga 19 ta taqdimnoma va 772 ta ogohnomalar kiritildi. Shuningdek, 54 nafar aybdor shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirildi. Qo‘llanilgan ta’sir choralari natijasida vakolatli organlarning 18 nafar xodimiga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilib,  54 nafar aybdor rahbar va xodimlar ma’muriy javobgarlikka tortilishi ta’minlandi.

Kecha viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida ham viloyat hokimi E.Turdimov fuqarolar murojaatlari bilan ishlash masalasiga to‘xtalib, rahbarlar har bir murojaatchini tinglashi zarurligini ta’kidladi.

– Murojaatchini bu mening otam, bu mening onam, akam yoki ukam, opam yoki singlim, deb tinglasangiz, ertaga biz kutgan natija bo‘ladi, obro‘yingiz yanada oshadi. Unutmang, bizga bahoni xalq beradi, – dedi E.Turdimov viloyat mas’ullariga qarata.


G‘.HASANOV, O‘zA