Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda turizmni yanada rivojlantirish belgilandi
19:17 / 2025-09-27

Butunjahon turizm kuni munosabati bilan Samarqand viloyat turizmni rivojlantirish jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda viloyatda turizmni rivojlantirish, yangi yo‘nalishlar tashkil etish, mahalliy hamda xorijiy sayyohlar sonini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.

Dastlab viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Suyunov joriy yilning o‘tgan davrida sohada amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, yilning 8 oyida viloyatga 2,2 million xorijiy, 4,3 million mahalliy sayyoh tashrif buyurgan va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish 140 foizni tashkil etgan. Turizm xizmatlari eksporti esa 441,1 million dollarga yetkazilgan.

O‘tgan davrda viloyatda 194 ta joylashtirish vositasi, jumladan, 13 ta mehmonxona, 37 ta xostel, 144 ta oilaviy mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, joylashtirish vositalari soni 821 taga, o‘rinlar soni esa 22 ming 680 taga yetgan. Shuningdek, joriy yilda 63 ta turkompaniya faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning umumiy soni 451 ta bo‘ldi.

Yig‘ilishda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev turizm infratuzilmasini takomillashtirish, zamonaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va bu boradagi muammolarga tezkor yechim topish, shuningdek, yangi loyihalar orqali hududning sayyohlik salohiyatini to‘liq ishga solish bo‘yicha fikrlarini bildirib, mutaxassislarning takliflarini so‘radi. 

 Tadbir davomida viloyatda turizmni rivojlantirish, bu borada xalqaro tajribalardan foydalanish, Samarqand ramzini yaratish va sohaga startap loyihalarni joriy qilish yuzasidan taqdimotlar qilindi.

Tadbir yakunida Butunjahon turizm kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhiga viloyat hokimligining tashakkurnomalari topshirildi.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari