Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan yurtdoshlarimiz besh kun dam oladi.
Ushbu davrda aholining yurtimiz bo‘ylab sayohatga chiqishi, ko‘ngildagidek dam olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, temir yo‘l transportidan foydalanishda yo‘lovchilarga imtiyoz berildi, sayyohlik yo‘nalishlari kengaytirildi, joylarda ko‘plab madaniy tadbirlar rejalashtirildi.
Samarqand viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatdagi mehmonxonalar, mehmon uylari, turistik transport xizmatlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari tomonidan ham bayram kunlari chegirmalar e’lon qilinmoqda. Xususan, bayram doirasida yashash joylari uchun 20 foizgacha, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida 22 foizgacha, turistik firmalarda 35 foizgacha chegirmalar beriladi.
Bundan tashqari, 18 mart kuni Samarqand shahrida “Kabob festivali”, 19 mart kuni Jomboy tumanida uloq-ko‘pkari musobaqasi o‘tkaziladi. Navro‘z bayrami tantanalari ham Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida umumxalq sayli sifatida nishonlanishi ko‘zda tutilgan. Bayram tadbirlarida mahalliy va xorijlik turistlar ishtirok etishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA