Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda turizm qishloqlari ko‘paymoqda
18:50 / 2023-06-02

Samarqand tumanidagi Konigil, Urgutdagi Tersak, Nuroboddagi Oqsoy, Payariqdagi Choshtepa, Qo‘shrabotdagi Pangat qishloqlari nomi bugun faqat shu hududlarda emas, respublika darajasida va hatto dunyo miqyosida tanilmoqda.

Gap shundaki, bu aholi punktlari go‘zal tabiati, qadimiy hunarmandchilik an’analari, faqatgina shu hududga mos aholi turmush tarzi tufayli turizm qishloqlariga aylantirilgach, mashhurligi bir necha karra oshdi. Tegishli dasturlar asosida qishloqlar infratuzilmasi yaxshilanib, aholi va sayyohlar uchun qulay sharoit yaratildi.  

Endilikda bu qishloqlar qatoriga Kattaqo‘rg‘on tumanining Andoqsoy mahallasi ham qo‘shilmoqda.  

Tog‘lar etagida joylashgan ushbu mahallaning turistik imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida avvalo, qishloqqa olib boradigan yo‘l va ichki yo‘llar ta’mirlandi.  

[gallery-12196]

– O‘tgan yili shu mahallada hokim yordamchisi vazifasida faoliyat boshladim, – deydi Talant Olimov. – Xatlov o‘tkazildi. Daraog‘zi qishlog‘ida 3-4 dam olish maskani faoliyat olib borayotganligi, ammo ular davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi aniqlandi. Mahalla faollari bilan birga qishloq aholisiga tushuntirish ishlari olib bordik. Natijada 5 dam olish maskani ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat boshladi. Ularning har biriga kredit olish uchun tavsiyalar berildi. Masalan, tadbirkor Vahobiddin Turdiyev 200 million so‘mlik kredit olish istagini bildirdi. Bu mablag‘ evaziga u faoliyatini kengaytirib, o‘ziga qarashli hududda tarix va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan o‘tovlar o‘rnatish, so‘rilar sotib olish, muzqaymoq paviloni va basseyn bunyod etishni rejalashtirgan. Shuningdek, hududda yana 13 dam olish maskani ochilishi ko‘zda tutilgan.  

Turizm qishlog‘iga kiraverishda joylashgan “Andoqsoy yong‘oqzorlari” dam olish maskani o‘tgan yil ochilgan.  

– Bolalikdan ikkinchi guruh nogironiman, – deydi tadbirkor Vahobiddin Turdiyev. – Shunday bo‘lsa-da ro‘zg‘or tebratish uchun ikki yil xorijda ishlab qaytdim. Oson kechmadi. Qishloqqa qaytib, boshim qotib turganida hokim yordamchisi dam olish maskanini tashkil qilishim mumkinligini aytdi. Guzarimiz turizm qishlog‘iga aylantirilgani, mahallamizdagi Abulhasan Andoqiy ziyoratgohi obod bo‘layotgani, kundan-kunga sayyohlar safi kengayishini va bizga imtiyozli kreditlar ajratilishi mumkinligini tushuntirdi. Tavakkal qilib, ish boshladim. Ishimiz o‘xshadi, mehmonlar kela boshladi. Viloyatimizdan, shuningdek, respublikamizning turli hududlaridan, hatto, Rossiya va Turkiyadan kelgan sayyohlarni mehmon qildik. Hududimizdagi go‘zal tabiat manzarasi ularda katta taassurot qoldirdi. Yozning issiq kunlarida ham bu yerda bahordagidek mo‘’tadil havo bo‘lishi dam oluvchilarga ma’qul kelmoqda.  

Hududdagi dam olish maskanlarida sharoitlar kundan kunga yaxshilanayotgani kelayotgan sayyohlar safi kengayishiga xizmat qilmoqda.  

– Navoiy viloyatining Uchquduq shahridan keldik, – deydi Ismatillo Sonniboyev. – Oilamiz bilan tog‘ etagida dam olish uchun har yili qaysidir viloyatga borish an’anaga aylangan. Bu yil Andoqsoydagi qulayliklarni kattaqo‘rg‘onlik qarindoshlarimdan eshitib, shu yerni tanladik.  

Haqiqatdan ham ajoyib joy ekan. Boshqa viloyatlardagi mashhur oromgohlardan qolishmaydi.  

Hududda faoliyat boshlagan tadbirkorlar, dam olish maskanida mehmonlarga xizmat ko‘rsatish bilan bir qatorda bog‘bonchilik bilan ham shug‘ullanadi. Yuzlab mevali daraxtlardan olinayotgan mo‘l hosil ro‘zg‘origa mo‘maygina daromad keltiryapti.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil Samarqand viloyatidagi 103 mahallada turizm sohasi asosiy drayver sifatida belgilanib, 491 xonadonda oilaviy mehmon uylari tashkil etildi. 5800 nafardan ortiq aholi ushbu tarmoqda ish bilan ta’minlandi.  

Bu yil turizm sohasi asosiy drayver sifatida tanlangan mahallalar soni 239 taga, xonadonlar esa 1144 taga yetkaziladi. 104 oilaviy mehmon uyi, 105 umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil etiladi.  

Xususan, Toyloq tumanidagi Vorsin va Samarqand tumanidagi Yangiariq mahallalarida ikkita sayyohlik majmuasi ochiladi. Nurobod tumani Oqsoy qishlog‘ida esa loyiha qiymati 120 milliard so‘m bo‘lgan osma dor yo‘li foydalanishga topshiriladi. Urgut, Oqdaryo va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 4 ekoturizm dam olish maskanlari tashkil etish rejalashtirilgan. Shu tarzda viloyatdagi turizm qishloqlari 18 taga yetkazilib, 16 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.  

G‘.HASANOV, 
O‘zA.