Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Samarqandda turistlar ko‘paymoqda, Surxondaryoda-chi?
19:13 / 2024-10-21

-

Bu kurrai zaminda zarradirsan, ehtimol,  

Zarrada quyosh-senda O‘zbekiston aksi bor.  

Samarqanddek suluvning yonog‘ida nuqra xol,  

Bu xolga quyosh xumor, oy xumor, yulduz xumor.

Samarqand haqida yozilgan bu she’rni yoddan o‘qishni xush ko‘raman. Ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilib ketadi. Yuqoridagi bu ajoyib asarda ko‘hna yurt manzaralari mahorat bilan, o‘zgacha mehr bilan tasvirlangan. Ancha vaqtdan beri go‘zal va qadim joylarni tomosha qilishni, yurtimiz tarixini yanada yaxshiroq o‘rganishni ko‘nglimga tugib qo‘ygandim. O‘nlab jurnalistlar hamrohligida Samarqand shahrini sayohat qildim. 

...Registon maydoniga kelganimda oqshom cho‘kkan edi. Odamlar gavjum. Yoshu keksa daryoday oqib kelayotir. Ayniqsa, keksalar ko‘pchilik. Amerikadan, Rossiyadan, Fransiyadan, Angliyadan, Germaniyadan, Mo‘g‘ulistondan bir necha yuzlab turistlar tashrif buyurishgan ekan. Hamma shod. Qiziqishlari ancha baland. Ular bilan birga yurib, suratga ham tushdik.

Atrofga boqsangiz ko‘zlar qamashib ketadi. Turfa rangdagi yoritgichlar kamalakdek jilolanar, elektr chiroqlari maydonga ajib bir tarovat baxsh etgandi. Ajib go‘zallikdan bahra olishga oshiqayotganlar soni oz emas.

Bu yerga keluvchilarning keti uzilmaydi. Hatto kichkintoylarni ham ergashtirib olishgan. Kechqurun dam olishga, qadimiy shahardagi    jannatmakon joylarni sayr qilishga chiqqanlarning ko‘pchiligi hayajonda.

Yonginamda o‘rindiqda o‘tirgan, ma’naviyatga doir nufuzli tashkilotda faoliyat ko‘rsatayotgan Abror degan yigitga ko‘zim tushdi. U nimalarnidir yozish bilan mashg‘ul edi. Moziyga qiziqishi zo‘rligini, har kech shu yerga, ajdodlar xoki yotgan joyga kelishni kanda qilmasligini menga avval ham bir necha marta aytgandi. U birozdan so‘ng shaxd bilan o‘rnidan turdi-da, gurunglashayotgan  sherigini Registon maydonining orqa tarafiga olib o‘tdi.

– Bilasizmi, bu joyning teskari tomonida Muhammad Shayboniyxonga taalluqli maskan ham bor. Yuring, sizni o‘sha yerga olib bormoqchiman.  

Keng maydonning ko‘zga tashlanmay turgan tarafiga ildam yura boshladik. Registon buyoqdan yanada mahobatli ko‘rinar, musiqa sadolari yangrar, bir necha yuzlab odamlar ajdodlarga ehtiromini izhor etish uchun ko‘proq Bibixonim maqbarasi va Registon maydoniga talpinishar edi. 

Surxondaryoning Qiziriq tumanidan sayohatga kelgan Chorshanbi hoji Qilichev degan bobo sherigiga qarab turar ekan, hayajonini yashira olmadi.

– Biz hamshaharlarimiz bilan Registon maydoni, xilxonalarga, ajdodlarimiz maqbaralariga tez-tez kelib turishni odat qilganmiz. Ayniqsa, kechki payt bu joyda odamlar, hatto chet elliklar nihoyatda ko‘payib, kishining yuragi hayajondan hapriqib ketadi.  

– Ulug‘ ajdodlarimiz ruhi shod bo‘lsin deb ishdan bo‘sh vaqtlarimda shu joyga yuguraman, – dedi Abror. – Amir Temur, Bibixonim, Mirzo Ulug‘bek, Muhammad Shayboniyxon, Islom Karimov, Bahodir Yalangto‘sh va boshqalarga doir ko‘plab qadim obidalar hamda maqbaralarni hamisha ziyorat qilib turishni, ulardan zavq olishni xush ko‘raman.

Sayohat taassurotlaridan nihoyatda ta’sirlangan Chorshanbi bobo Qilichevning ko‘zlarida yosh yiltilladi. Hayajonini bosa olmas, hadeb entikar edi. Issiq tomchilar oq sarg‘ish yuzidan dumalab tusha boshladi. Uning ko‘ngli buzilgan, nima uchundir o‘pkasi to‘lib ketgan edi.

Bundan qirq yillar avvalmidi, yaqin vaqtgacha bu joylar xarob bo‘lgan. Qarovsiz qolganidan chet elliklar tugul o‘zimizning o‘zbeklar ham kamqatnov bo‘lib qolishgandi. Mustaqillikdan so‘ng so‘lim va diltortar go‘shalarga aylandi. Ilgari hatto Imom Buxoriy maqbarasi ham ko‘rimsiz ahvolda edi. Hozir kapital ta’mirlash ishlari tezkorlik bilan amalga oshirilmoqda. Turistlar soni yanada ko‘payib ketishiga ishonchimiz komil. Faqat ular uchun sharoitni hozirgidan ko‘ra yanada yaxshilash kerak.

O‘sha davrlarni eslab mening ham ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. Bizga hamrohlik qilayotgan tojikistonlik Ilhom degan ijodkor yigit Chorshanbi Qilichevni ham imlab chaqirdi. Ular gurunglashib, sayohatdan olgan taassurotlarini  bir-birlariga baham ko‘rar edilar.

Atrofni kuzata boshladim. Narigi o‘rindiqda o‘tirgan yigit  hayajonlanganidan tinmay nimalarnidir yozib olar edi. Birozdan so‘ng o‘sha notanish kishi  xursand holda Abrorning yoniga kelib, salom berdi.

– Men asli Surxondaryodanman, – deydi o‘zini To‘xtamish deya tanishtirgan yigit. –Kursdoshim bilan Registon maydonini tomosha  qilish uchun ataylab kelganimizdan nihoyatda mamnunman. Yaqinda kursdoshim Mavludaxon bilan turmush qurmoqchimiz. U avvalo Samarqanddagi tarixiy obidalar, ajdodlarimizning xonaqohlari, xilxonalari, maqbaralarini tomosha qilib kelaylik, keyin mayli, to‘y qilamiz, deb iltimos qildi. Bu ulug‘ joylar, tarixiy obidalarning o‘tmishi haqida ma’lumotimiz kam. Ozroq, tushuncha berib yubora olmaysizlarmi, demoqchi edim. Sayohat – tanga rohat, deyishgan.

Farhod aka ikkita oliy o‘quv yurtini bitirgan, bir necha yillardan beri hokimlikda xizmat qilayotgan, yoshligi, ayniqsa talabalik yillari Registon  maydoni, Bibixonim, Amir Temur maqbarasiga yaqin joylarda o‘tgani uchun olis Surxondaryodan kelgan yoshlarning bir nechta savollariga osongina, hech qiynalmasdan javob qaytara boshladi.

Mehmonlar tarixiy joylar, ajdodlarimiz o‘tmishiga doir fakt va raqamlar bilan tanishgach, quvonganidan qayta-qayta minnatdorchilik bildirdi.

– O‘zbek xalqi dunyodagi eng baxtli millatlardan. Yurtimizda qanchadan qancha osori-atiqalar, maqbaralar, xonaqohlar bor. Naqshbandiy, Moturidiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Farg‘oniy, Imom Termiziy. Sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Xorijiy yurtlardan millionlab sayyohlar kelib hayratdan yoqa ushlayotganliklarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevga rahmat. Prezidentimizning tashabbusi bilan bu yerlar tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib, minglab odamlarning ziyorat joyiga, hatto dam olish maskaniga, ko‘rib zavq oladigan go‘shasiga aylandi, – dedi Farhod aka Nazarov quvonchini yashira olmay.  

Registon maydoniga hayajonlanib, suqlanib boqdim. Tun yarim bo‘lishiga sal qolgan bo‘lsa-da, minglab odamlar hayratlaridan benasib bo‘lishni istamas, bu afsonaviy maskanni tark etishga oshiqmas edilar.

Hamrohlarim – taniqli jurnalistlar Shuhrat Jabborov, Bekkul Egamqulov va gazeta, radio, televideniyeda ishlagan boshqa o‘nlab hamkasblar bilan hatto “Samarqand City”ni ham tomosha qildik. Kuzatishlarim tufayli shu narsani yaxshi angladimki, tarixiy joylarni sayohat qilayotganlar orasida chet elliklar ham juda ko‘p edi.

Bundan bir necha oylar avval Surxondaryodagi Sangardak qishlog‘iga sayohat qilganimni esladim. Mashhur sharsharani mazza qilib tomosha qildik. Tog‘ havosidan to‘yib-to‘yib nafas oldik. Respublikamizning turli burchaklaridan kelgan yuzlab kishilar xursandchiligidan qiyqirishardi.

Shundan keyin tog‘ yo‘llaridan yuqoriga ko‘tarila boshladik. Bir qismiga asfalt yotqizilgan ekan. Yo‘llar hali unchalik tep-tekis emasligini ko‘rib obodonlashtirish ishlari davom etayotganiga amin bo‘ldik...  

Uch-to‘rt kun Boysundagi Omonxona sog‘lomlashtirish maskanida bo‘lganimizda talay muammolar ham borligiga amin bo‘ldik. Tabiiyki, hammayam bu yerdagi sanatoriyga yo‘llanma olib kela olmaydi. Turli viloyatlardan kelib, sog‘lig‘ini tiklashni maqsad qilganlar ijarada turishadi. Biroq, bu yerda aksariyat uylarda sharoit ko‘ngildagidek emas. Ehtimol, yana bir nechta mehmonxonalar qurish kerakdir?      

Ammo negadir Surxondaryoning bu kabi joylarida – Sangardak sharsharasi bilan Omonxona davolanish maskanida Samarqanddagi singari yuzlab chet ellik turistlarni uchratmadik. Sababi nimada, deya o‘ylandik.  

Aslini olganda qayerdaki tashviqot, targ‘ibot yaxshi bo‘lsa, xorijliklar ham qiziqib qolib, tobora ko‘proq kelaveradi. Samarqand sayohatidan qaytar ekanmiz, yurtimizning yuzlab go‘zal go‘shalarini iloji boricha tinmay reklama qilishimiz kerakligini o‘yladim. Shundagina qadim Surxondaryo ham Samarqand yoki Buxoro singari turizm tufayli millionlab dollar foyda olishi mumkinligini yana bir karra his etdim.  

Jovli Xushboqov, O‘zA muxbiri