Samarqand viloyati turizm boshqarmasi va hamkor tashkilotlar tomonidan tumanlardagi turistik rekreatsion zonalar, ularda amalga oshiriladigan investitsion loyihalar o‘rganilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 27 dekabrdagi “Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarorida Nurobod tumani Nurbuloq shaharchasini master reja asosida yil davomida uzluksiz xizmat ko‘rsatuvchi “kurort” shaharchaga aylantirish uchun infratuzilmani barpo etishga 32 milliard so‘m, Samarqand tumanidagi “Ohalik-Oqbo‘yro-Mironqul” turistik rekreatsion zonasi hududlarini infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida 14,3 milliard so‘m mablag‘ ajratish belgilangan.

Bundan tashqari, Urgut tumanining Zarafshon tog‘ tizmasida joylashgan “Qortog‘” zonasida, Nurobod tumanining Mehnat qishlog‘i hamda “Hazrati Dovud” ziyoratgohi hududlarida turistik-rekreatsion zona tashkil etish choralari ko‘riladi.

Mas’ullar Samarqand tumanida turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan bir qator investitsion loyihalar bilan tanishdi. Jumladan, “Ohalik-Oqbo‘yro-Mironqul” turistik rekreatsion zonasi hududlari infratuzilmasini yaratish borasidagi ishlar o‘rganildi. Ayni paytda mazkur hududdagi yer maydonlari auksion savdolariga chiqarilib, tashabbuskorlar tomonidan xarid qilingan va amalga oshiriladigan loyihalar tasdiqlangan. Aksariyat loyihalar bo‘yicha ishlar boshlangan. Infratuzilma bilan bog‘liq masalalar yechilgach, loyihalar bosqichma-bosqich ishga tushiriladi va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish boshlanadi.

Tadbirkor va investorlar bilan suhbat davomida loyihalarni amalga oshirishda xorij tajribasidan samarali foydalanish, shu bilan birga mahalliy shart-sharoit va imkoniyatlarni ham hisobga olish zarurligi ta’kidlandi. Chunki, mazkur turistik rekreatsion zona yaqin yillarda viloyatning muhim sayyohlik maskanlaridan biriga aylanadi. Bu yerda bunyod etilayotgan mehmonxona majmualari, oilaviy dam olish maskanlari, sport, ko‘ngilochar ob’ektlar yil davomida faoliyat ko‘rsatadi va sayyohlarni qabul qiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri